Britaniya Ukrainaga to‘liq kafil bo‘lmaydi. London nimadan hayiqmoqda
Olam
−
30 mart 2022
18282Buyuk Britaniya Ukrainaning o‘z xavfsizligining kafiliga aylanish imkoniyati haqidagi iltimosini ko‘rib chiqadi, biroq NATO a’zolarining Alyans doirasidagi majburiyatlarini o‘z zimmasiga olishdan bosh tortadi. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Dominik Raab ma’lum qildi, deya xabar berdi “The Guardian”.
“Biz Prezident Zelenskiyga kerak bo‘lgan hamma narsani diqqat bilan ko‘rib chiqamiz. Ammo menimcha, biz NATOga a’zo bo‘lmagan a’zolar oldidagi NATO majburiyatlarini bir tomonlama takrorlamoqchi emasmiz”, deydi Raab.
Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, Britaniyaning Ukraina xavfsizligining kafolatchisi bo‘lishga tayyorligi haqidagi qarori “aniq nima muhokama qilinayotganiga bog‘liq bo‘ladi”. Ammo u kafolatlar to‘g‘risidagi kelishuv Britaniya qo‘shinlarining Rossiya Federatsiyasi bilan urushda bevosita ishtirok etish imkoniyatini o‘z ichiga olishi mumkinligini istisno qildi.
“Biz Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy qarama-qarshilikka tortmoqchi emasligimizni aniq aytdik. Ukraina NATO a’zosi emas”, degan Raab.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainada tinchlik o‘rnatishning asosiy shartlaridan biri neytral maqom va NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishdir. Ukraina xalqaro hamkorlar, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, jumladan Buyuk Britaniyadan xavfsizlik kafolatlarini oladigan bo‘lsa, buni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
Kafil bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar orasida Turkiya ham bor. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvda Anqara Kiyevga kafil bo‘lishga roziligini bildirgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi