Britaniya Tramp ketgach, Falastinni tan oladi – OAV

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati Falastinni mustaqil davlat sifatida AQSH Prezidenti Donald Trampning qirollikka davlat tashrifi tugagandan keyin tan oladi. Bu haqda “The Times” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Bosh vazir Kir Starmer Falastinni tan olish masalasini Tramp ketguniga qadar ortga surgan, chunki bu mavzu 18 sentyabrga rejalashtirilgan qo‘shma matbuot anjumanida asosiy masalaga aylanishidan xavotirlangan. U Trampning oldida Falastin mavzusini ko‘tarishni o‘ziga ep ko‘rmagan. 

AQSH ma’muriyati Falastinni rasmiy tan olishga qat’iy qarshi. “Reuters” nashrining qayd etishicha, bu masala London va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, London Falastinni tan olish haqida qarorni BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan sessiyasi boshlanishidan oldin e’lon qilishi kutilmoqda. Xuddi shu yig‘ilishda Fransiya, Kanada va Avstraliya ham Falastinni tan olishi mumkin.

Iyul oxirida Starmer Isroil G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chora ko‘rmasa, Britaniya sentyabr oyida Falastinni tan olishini bildirgan edi. Isroil harbiy harakatlarni kengaytirgani fonida Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bu niyatni tasdiqlagan.

Bugungi kunda BMTga a’zo 190 mamlakatdan 140 dan ortig‘i Falastinni suveren davlat sifatida tan olgan. Britaniya hukumati esa bu qadamni uzoq muddatli tinchlikka erishishda muhim deb biladi. Isroil esa, o‘z navbatida, agar London Falastinni tan olsa, Buyuk Britaniya bilan mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni to‘xtatishi mumkinligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniya 16 sentyabr kuni Britaniyaga uch kunlik davlat tashrifini boshlagan, u 18 sentyabrda yakunlanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze Falastinni tan olishni sentyabr oyida Bosh assambleya yig‘ilishida e’lon qilishini bildirgandi.

Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham iyulda BMT Bosh assambleyasida Falastinni tan olishga tayyorligini bildirgan edi.

Bundan tashqari, Belgiya, Portugaliya, Kanada va Malta kabi G‘arb davlatlari ham Falastinni tan olish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Ularning aksariyati buni yaqinda bo‘ladigan BMT Bosh assambleyasida amalga oshirmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing