Belgiya ham Falastinni tan olmoqchi
Olam
−
02 Sentabr 1830 3 daqiqa
Belgiya Falastin davlatini BMT Bosh Assambleyasida tan oladi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo ma’lum qildi.
Bu qadam Avstraliya, Britaniya, Kanada va Fransiya kabi davlatlarning shu yo‘nalishdagi harakatlaridan keyin Isroilga qaratilgan xalqaro bosimni kuchaytiradi. G‘azodagi urush tufayli ortib borayotgan xalqaro tanqidlar ostida qolgan Isroil, shu oy BMT tadbiri doirasida o‘tkaziladigan sammitda Falastin davlatini rasman tan olish va’dalaridan qattiq norozi bo‘lmoqda.
Prevoning ta’kidiga ko‘ra, Belgiya Nyu-York deklaratsiyasiga qo‘shiladi va bu ikki davlatli yechimga – Falastin davlati Isroil bilan tinchlikda hamjihat yashashi uchun zamin yaratadi. Uning aytishicha, bu qaror, ayniqsa, "G‘azoda kechayotgan gumanitar fojia va xalqaro huquqni buzgan Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan zo‘ravonlikka javob sifatida” qabul qilindi.
Belgiya Falastinni tan olishni Fransiya va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi qo‘shma diplomatik tashabbus doirasida amalga oshirmoqchi. Ma’lum qilinishicha, bu qadam siyosiy signal sifatida ham baholanmoqda – Isroilning yashash maskanlari kengayishi va harbiy harakatlarini qoralash maqsadini ham ko‘zlaydi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanada qarorini tanqid qilgan Davlat kotibi Marko Rubio esa Fransiyaning qarorini “mas’uliyatsizlik” deb baholagandi. Belgiya bayonotidan keyin Oq uy hozircha izoh bermadi.
Prevoning aytishicha, Belgiya Isroilga nisbatan 12 ta “qat’iy” sanksiya joriy etadi. Jumladan, mustamlaka mahsulotlarini import qilishni taqiqlash, Isroil kompaniyalari bilan davlat xaridlarini qayta ko‘rib chiqish hamda HAMAS rahbarlarini Belgiyada “persona non grata” deb e’lon qilish rejalashtirilgan.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari 31 avgust kuni Kopengagenda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda G‘azodagi urush yuzasidan taraflarga bo‘lindi. Kimdir Isroilga kuchli iqtisodiy bosim o‘tkazishni talab qilsa, boshqalar bunday choralarga keskin qarshi chiqdi.
Falastinliklar uzoq yillardan beri Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohil va G‘azoda, Sharqiy Qudusni poytaxt qilib, mustaqil davlat tuzishga intilib kelmoqda. AQSH esa bu davlat faqat isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali barpo etilishi mumkinligini ta’kidlab kelmoqda.
“Belgiya – Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida – Isroil hukumatiga va HAMASga bosimni kuchaytirish uchun bu qarorni qabul qildi”, dedi Prevo.
Shuningdek, u Belgiyaning Falastinni qayta tiklashga sodiqligini bildirib, mamlakat “HAMASga qarshi Yevropa choralari va antisemitizmga qarshi yangi Belgiya tashabbuslarini” qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
29 avgust kuni AQSH Falastin ma’muriyati Prezidenti Mahmud Abbosning sentyabr oyida Nyu-Yorkdagi BMT sammitiga kelishini taqiqlashini bildirdi. U yerda AQSHning bir necha ittifoqchilari Falastinni rasman davlat sifatida tan olishi kutilmoqda.
“Reuters” avgust oyida uch isroillik manbaga tayanib, Isroil G‘arbiy sohilning anneksiyasini Fransiya va boshqa davlatlar Falastinni tan olganiga javob sifatida ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. 2024 yilda BMTning oliy sudi Isroilning Falastin hududlarini, shu jumladan, G‘arbiy sohilni ishg‘ol qilishi va u yerda qurgan turarjoylarini noqonuniy deb topib, ularni tez orada tark etish kerakligini e’lon qildi.
Isroil esa bu hududlarni “huquqiy jihatdan okkupatsiya qilinmagan, balki bahsli yerlar” deb hisoblaydi. Ammo BMT va xalqaro hamjamiyatning katta qismi ularni ishg‘ol qilingan hudud deb ko‘radi. Isroil o‘n yillar oldin Sharqiy Qudus va Jo‘lon tepaliklarini anneksiya qilgan, ammo bu qadam xalqaro maydonda tan olinmagan.
Live
Barchasi