Boysundagi gaz konida yana vodorod sulfidi otilib chiqdi
Tahlil
−
28 mart
336127 mart kuni soat 21:00 lar atrofida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi M-25 gaz konidagi 202-sonli quduqda vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi yuz bergan.
“Tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilgan”, demoqda Energetika vazirligi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi yetib borgan. Shuningdek, ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari ham hodisa joyiga yetib borgan.
Bildirilishicha, ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda.
“Alohida ta’kidlash lozimki, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ushbu vaziyat hamda yong‘inning kelib chiqishi sabablari o‘rganilmoqda. Bu haqdagi batafsil ma’lumot ishlar yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilinadi.
“M-25 gaz konini o‘zlashtirish jarayoni o‘ziga xos murakkablikka ega bo‘lib, bu yerda xalqaro tajribadan foydalanib, kuchaytirilgan nazorat choralari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Konda sodir bo‘lgan holat aslida birinchisi emas. Bundan 6 oy oldin, 2024 yilning aniqrog‘i sentyabr oyi boshida “Mustaqillikning 25 yilligi” konida oltingugurt gazi yoki ilmiy tilda vodorod sulfid sizib chiqishi kuzatilgan. O‘shanda bu hodisaga texnologik jarayon buzilishi sabab bo‘lgani aytilgan.
Vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Gaz sizib chiqishi sezilgan ilk kunlarda kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga yuk mashinalarida evakuatsiya qilingan. Aholining aksariyati o‘zining boshqa hududlardagi yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan bo‘lsa, ayrimlari maktab va shifoxonalarga olib borilgan.
O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga asosan, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgan.
O‘shanda, vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga Rossiya va AQSH ekspertlari ham olib kelingani aytilgandi.
“Hodisa oqibatlarini bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmadi. Ishlar barcha zarur texnika va uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan holda olib borildi. Barcha zarur choralar ko‘rildi. Xususan, atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini o‘lchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar o‘rnatildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti. Shuningdek, burg‘ilash qurilmasining ishchi maydonini tozalash ishlari amalga oshirildi va yakunlandi, tayanch maydon maxsus texnika va uskunalarni to‘liq o‘rnatish va foydalanish uchun tayyorlandi”, deya ma’lum qilgan edi FVV.
Shunday bo‘lishiga qaramay, konda 17 sentyabr kuni soat 16:00 larda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Kofrun” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koniga qarashli 604-son qudug‘ining yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan.
Unda 4 kishi qurbon bo‘ldi. 11 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafariga shu kuni shifoxonadan uyiga javob berilgan. Halok bo‘lganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari bo‘lgan.
18 sentyabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev ishtirokidagi brifing o‘tkazilib, yuqoridagi barcha ma’lumotlar e’lon qilingan edi.
O‘shanda Energetika vaziriga “Nega bu hodisa yana takrorlandi?” deya berilgan savolga Mirzamahmudov konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan bevosita bog‘liqligini aytgandi.
Kon ma’muriy jihatdan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati hududida joylashgan bo‘lib, Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Geografik jihatdan hudud tog‘oldi-adir relefidir. Relefning mutlaq balandligi dengiz sathidan 1000 metrni tashkil etadi.
Portlash oqibatida halok bo‘lgan marhum xodimlarning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab berilishi aytilgandi. Shuningdek, pudratchi tashkilot ularning farzandlarini moddiy ta’minlab, o‘qitib, ish bilan ta’minlashgacha o‘z zimmasiga olishi ham va’da qilingan.
Albatta, ularning oilalariga pullar berilgan yoki berilmagani, maktab va bog‘cha masalasi hal bo‘lgan yoki bo‘lmagani haqidagi ma’lumot tahririyatda mavjud emas.
20 sentyabr kuni falokat haqida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva og‘iz ochdi va Senat Raisi ham konda halok bo‘lgan xodimlarning oilalari tashlab qo‘yilmasligini aytdi.
“1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konidan burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatildi. Bu bugungi kunda jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turgan masala. Hammamiz buni eshitdik. Shu munosabat bilan vafot etgan fuqarolarimiz bor. Ularning yaqinlariga sabr tilaymiz. Ularning oilalari davlatimiz, Prezidentimiz nazoratida. Buni hammalaringiz eshitdingiz. Ularning ta’minoti masalasida alohida topshiriq ham bo‘lgan. Shu masalada biz ham hamdardligimizni bildiramiz”, dedi Norboyeva.
Kondan sizib chiqayotgan gaz bo‘g‘ildi, deb ko‘pchilik xotirjam bo‘lgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi munosabat bildirib, kon hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelmagani, 2024 yilning sentyabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida ob’ektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilayotgani va bu yerda doimiy monitoring yuritilayotganini aytib chiqdi.
“604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan. Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat”, degan Energetika vazirligi.
Buni qarangki, kondagi portlash mart oyiga kelib yana sodir bo‘ldi. Ishonamizki, bu holatdan halok bo‘lgan yoki zarar ko‘rganlar yo‘q.
LiveBarchasi