Ramatov va bir nechta mas’ul rahbarlar oltingugurt gazi chiqqan konga bordi
Jamiyat
−
02 Sentabr
17233Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan tashkil qilingan Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar Surxondaryo viloyatidagi oltingugurt gazi chiqqan konga yetib bordi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borgan. U yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan.
“Texnogen hodisa asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Hodisa to‘g‘risida yana batafsil ma’lumot beriladi”, deyilgan vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, viloyatning Boysun tumani “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.