Surxondaryodagi kondan oltingugurt gazi sizib chiqishi to‘xtatildi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi 604-sonli quduqdan vodorod sulfid sizib chiqishini bartaraf etish va so‘ndirish jarayoni yakunlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vodorod sulfid sizib chiqishiga qarshi uskunaning qo‘shimcha blogi qurilgan va o‘rnatilgan. So‘ndirish uchun quduq og‘zini tayyorlash va bog‘lash jarayoni o‘tkazilgan. Quduq germetiklanib, so‘ngra so‘ndirilgan.

Shuningdek, 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgan.

“Hodisa oqibatlarini rejali bartaraf etish jarayoni maxsus tashkil etilgan shtab nazorati ostida amalga oshirildi”, deyilgan xabarda.

Bildirilishicha, vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga Rossiya va AQSH ekspertlari ham olib kelingan.

“Hodisa oqibatlarini bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmadi. Ishlar barcha zarur texnika va uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan holda olib borildi. Barcha zarur choralar ko‘rildi. Xususan, atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini o‘lchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar o‘rnatildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti. Shuningdek, burg‘ilash qurilmasining ishchi maydonini tozalash ishlari amalga oshirildi va yakunlandi, tayanch maydon maxsus texnika va uskunalarni to‘liq o‘rnatish va foydalanish uchun tayyorlandi”, deya ma’lum qildi FVV.

Bartaraf etish jarayoni Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi, O‘zbekiston Respublikasi FVV va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda olib borilgan.

Eslatib o‘tamiz, viloyatning Boysun tumani “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib bordi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo oltingugurt gazi “Mustaqillikning 25 yilligi” koni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing