Tanzila Norboyeva Gruziya Bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 4 mart kuni Oliy Majlis Senatida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Senat raisi Tanzila Norboyeva martabali mehmonning mamlakatga tashrifi ikki davlat o‘rtasida qaror topgan yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda yangi sahifa ochish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston va Gruziya xalqlarining milliy urf-odatlarida uyg‘unlik kuzatiladi, ikki xalq ham mehmondo‘st va o‘z yurtiga sadoqat kabi xususiyatlarga ega. So‘nggi yillarda do‘stlik rishtalari qadimiy an’analarga mos ravishda rivojlanmoqda. Ikki millat vakillarini o‘zaro ishonch tuyg‘ulari bog‘lab turibdi. Toshkentda “O‘zbekiston – Gruziya” do‘stlik jamiyati tuzilgani va “Megobroba” madaniy markazi faoliyat yurtishi ham fikrimiz tasdig‘idir”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, suhbat chog‘ida mehmonlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berilgan. Nafaqat hukumatlararo, balki parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash, qonunchilikni takomillashtirishda tajriba almashish, ishga solinmagan imkoniyatlardan oqilona foydalanish o‘zaro aloqalarning izchilligini ta’minlaydi, deyildi uchrashuvda.

Irakliy Kobaxidze Gruziya O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan va O‘zbekistonda barcha sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni yuqori baholagan, davlat rahbari olib borayotgan islohotlarning hayotda o‘z ifodasini topayotganini ta’kidlagan.

Shuningdek, muloqotda turizm, iqtisodiyot, elektronika, agrar va transport kommunikatsiyasi singari ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratilgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgan, xususan, hamkorlikning bugungi holatini tahlil qilib, yangi rejalarni belgilab olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Gruziya parlamenti rahbarlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida qatnashishga katta qiziqish bildirayotgani qayd etilgan, kelgusida ham xalqaro maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini mustahkamlashga kelishib olingan. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 4 mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Keyinroq, Kobaxidze O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Irakliy Kobaxidze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing