Boysunda gaz sizib chiqishidan halok bo‘lganlar soni ortdi
Jamiyat
−
18 Sentabr
23259Kecha, 17 sentyabr kuni soat 16:00 larda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Kofrun” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koniga qarashli 604-son qudug‘ining yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan. Bu haqda bugun,18 sentyabr kuni Boysun tumani “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgan. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. Kechaning o‘zida ularning 10 nafariga uyiga javob berilgan.
Ayni paytda bu yerga tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan barcha zaruriy ishlar olib borilmoqda.
Brifing ishtirokchilarning “Nega bu hodisa yana takrorlandi?” deya bergan savoliga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu mazkur konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan bevosita bog‘liqligini aytdi.
Xususan, “Mustaqillikning 25 yilligi” koni ma’muriy jihatdan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati hududida joylashgan bo‘lib, Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Geografik jihatdan hudud tog‘oldi-adir relefidir. Relefning mutlaq balandligi dengiz sathidan 1000 metrni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib bordi. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. Bugun, 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidladi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgandi.
LiveBarchasi