Samarqandda 7 nafar energetika xodimi yig‘ilish vaqtida qamoqqa olindi
3-sahifa
−
17 fevral
30139Samarqand viloyatida energetika sohasida sodir etilayotgan korrupsion holatlar bo‘yicha tanqidiy yig‘ilishda 7 nafar xodim qo‘lga olindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 14 fevral kuni Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov rahbarligida Samarqand viloyatida energetika sohasida sodir etilayotgan korrupsion holatlar hamda tizimni “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari Samarqand viloyati hamda tumanlar va shaharlar filiallari xodimlari, shuningdek, boshqa mas’ullar ishtirok etgan.
Yig‘ilish jarayonida ta’minot korxonalarining korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan 7 nafar xodimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, yig‘ilish so‘ngida sohadagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida ta’minot korxonalari rahbarlariga sohada keskin o‘zgarishlar qilish, ijro va mehnat intizomini qat’iy ta’minlash, ayniqsa, xodimlar o‘rtasida profilaktika choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln AQSH dollari talab qilib, oldindan 1 mln AQSH dollarini o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlangan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


