Bolajon O‘zbekistonda bolalarning narxi qancha?
Tahlil
−
02 noyabr
8705Jizzaxda er-xotin 3 yoshli qizini 3 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, fuqaro o‘zining shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i bilan jinoiy til biriktirib, voyaga yetmagan, 2021 yilda tug‘ilgan farzandini 3 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan va erkakka 8 yil, ayolga esa 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Afsuski, bu O‘zbekistonda o‘z bolasini sotish holatining birinchisi emas. Har yili bir qancha ota-onalarning o‘z farzandlarini sotgani haqidagi xabarlar ko‘zga tashlanadi. Kimdir kechagina dunyo yuzini ko‘rgan go‘dagini pullasa, yana kimdir hali dunyoga kelmagan farzandiga xaridor topib qo‘yaadi va odatda ular bu xatti-harakatlarini chorasizlik, pulga muhtojlik bilan oqlashga urinadi. Xo‘sh, doimo “bolajon” deb ataladigan, “Bolali uy – bozor, bolasiz uy –mozor” deya hisoblanadigan O‘zbekistonda bolalarning narxi qancha? “Savdogar” ota-onalar o‘z farzandlarini qanchaga baholaydi?
QALAMPIR.UZ ushbu holat bo‘yicha tahlil o‘tkazib, reyting tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarning “narx”i 40 ming AQSH dollaridan 300 AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorni tashkil qiladi.
1-o‘rin – 40 ming dollar
Joriy yilning 15 fevral kuni DXX Guliston shahrida yashovchi buxorolik ayol o‘zining yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini 40 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1991 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahrida vaqtincha yashovchi ayol joriy yilning 30 yanvar kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 40 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
2-o‘rin – 25 ming dollar
O‘zbekistonda ota-onalar asosan kichik yoshli, hali aqlini tanimagan go‘daklarini sotishga urinadi. Bu bilan ular o‘zlarining bu qilmishi bolasining xotirasida qolmasligiga umid qiladi. Ammo bunday o‘ylamaydiganlar ham bor. Masalan, joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda 13 yoshli qizini 25 ming dollarga sotib, savdoni restoranda “nishonlayotgan” ayol qo‘lga tushgandi. U sudda “xaridor”ning birorta qizini farzandlikka so‘raganini va evaziga uy olib berishni taklif qilganini ta’kidlagan.
“Qizimdan ko‘p kechirim so‘radim. Bir kun betimga aytadi. Boshqa ilojim yo‘q, aybni men qilganman, qizim emas. Qilgan ishimdan pushaymonman”, deydi qizning onasi.
Aniqlanishicha, ayol bundan 2 yil muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bo‘yicha sudlangan va ayni paytda uy qamog‘i jazosini o‘tayotgan bo‘lgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi “a” bandi (Odam savdosi) bilan 57-modda qo‘llanilib, uzil-kesil 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va u jazoni qattiq tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilangan.
3-o‘rin – 20 ming dollar
Shu yilning 11 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida farzandini 20 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan qashqadaryolik ota-ona va ularga xaridor topib bergan dugonasiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, 22 yashar talaba qiz Samarqandda o‘zi tanishgan yigitga sotib olishga bola topib berishni va’da qiladi. Shundan so‘ng birga ishlaydigan dugonasi va uning turmush o‘rtog‘ini 8 oylik chaqalog‘ini sotishga ko‘ndiradi. Voqea joyida esa ular mutasaddi xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Sud qaroriga ko‘ra, javobgar shaxslar 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Bolaning taqdiri nima bo‘lgani haqida esa xabar berilmagan.
4-o‘rin – 18 ming dollar
2021 yil 14 avgust kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkentning Yangihayot tumanida yashovchi ayol o‘zining olti kunlik qiz chaqalog‘ini sotishga uringan vaqtda qo‘lga olingani haqida xabar bergan.
Ayol 7 avgust kuni tug‘ilgan go‘dagini 18 ming dollar evaziga sotmoqchi bo‘lgan va ko‘rsatilgan pulni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
5-o‘rin – 13 ming dollar
2018 yilning yanvar oyida DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda N.M. o‘zining jinoiy sherigi G.O. bilan Farg‘ona shahrida maxsus xaridor N.N.ga uch oylik farzandini 13 ming dollarga sotayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ular sud tomonidan qonuniy javobgarlikka tortilgan.
6-o‘rin – 10 ming dollar
2021 yilning mart oyida Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ayol o‘zining 8 oylik bolasini 10 ming dollarga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. 2020 yil iyul oyida tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 10 ming dollarga sotgan vaqtida departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXXning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
7-o‘rin – 8 ming dollar (85 mln so‘m)
2021 yil sentyabr oyida Navoiyda samarqandlik ikki fuqaro farzandini 85 mln so‘mga sotayotganda ushlangan. Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Oqtosh shaharchasida yashovchi ota-ona hali 2 yoshga ham kirmagan bolasini sotmoqchi bo‘lgan. Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi fuqaro esa oldindan 50 mln so‘m, bir necha kundan keyin qolgan 35 mln so‘mni berish sharti bilan bolani sotib olmoqchi bo‘lgan. “Tujjor” ota-ona kelishilgan 50 mln so‘m pulni olayotganda Navoiy viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi hamda departamentning Karmana tumanidagi bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
8-o‘rin – 4,7 ming dollar (60 mln so‘m)
2021 yilning 28 aprel kuni Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 3 yoshli farzandini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, ayol 2018 yilda tug‘ilgan qiz farzandini boshqa bir fuqaroga 60 mln so‘m evaziga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
9-o‘rin – 4,1 ming dollar (50 mln so‘m)
2023 yilning 21 sentyabr kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tuman sudida tug‘uruqxonadan chiqiboq 50 mln so‘m evaziga bolasini pullamoqchi bo‘lgan va voqea joyida qo‘lga olingan shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, u jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bola tug‘ilmasdan avval sotilgan va xaridor javobgar shaxs holidan doimiy xabar olib turgan.
10-o‘rin – 3 ming dollar
2021 yilning fevral oyida Sirdaryo viloyatida ayol 2 oylik chaqalog‘ini 3 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan. Javobgar shaxs farzandini sotgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
11-o‘rin – 2,9 ming dollar (35 mln so‘m)
2023 yil 19 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yashovchi 54 yoshli erkak 2019 yildan buyon birga yashab kelayotgan shar’iy nikoh asosidagi 29 yoshli turmush o‘rtog‘i bola sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ular 2023 yil 17 iyul kunida tug‘ilgan 2 kunlik chaqalog‘ini 35 mln so‘m evaziga pullamoqchi bo‘lgan va kimyoviy ishlov berilgan 1400 dollar hamda 10 million so‘m pullarni oldindan talab qilgan.
12-o‘rin – 1,6 ming dollar (15 mln so‘m)
2019 yilning may oyida fuqaro Sh.N. o‘zining 6 yoshli farzandini fuqaroga 15 mln. so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
13-o‘rin – 750 dollar (8 mln so‘m)
2021 yilning aprel oyida Buxoro viloyati Peshku tumani Valfajir mahallasida yashovchi fuqaro ayol o‘z onasi bilan birga yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini 8 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Ular tibbiyot muassasasi hududida chaqaloqni boshqa bir fuqaroga kelishilgan narxda sotayotgan vaqtida qo‘lga tushgan. Holat yuzasidan tuman IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan ona va qizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
14-o‘rin – 500 dollar
2019 yilning aprel oyida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruqxona bo‘limi hamshiralari fuqaroning 5 kunlik o‘g‘il farzandini tug‘uruqxona bo‘limida boshqa bir fuqaroga 500 dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
15-o‘rin – 300 dollar
2019 yil yanvar oyida er-xotin o‘zlarining 3 oylik o‘g‘il farzandini boshqa bir shaxsga Mirzo Ulug‘bek tumani, A.Yugnakiy mavzesida 300 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga ko‘ra, odam savdosi bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, ya’ni bolalarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.
Maryam Choriyeva
LiveBarchasi