BMT Ukrainadagi urush global iqtisodiyotga qancha zarar keltirishini ochiqladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 2022 yilda prognoz qilinayotgan global iqtisodiy o‘sishning 1 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD)ning kecha, 24 mart kuni e’lon qilingan jahon iqtisodiyotiy holati to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan.

“Hisobotdan olingan asosiy xulosa bu yilgi global o‘sish prognozini pasaytirishdir. O‘tgan yilning sentyabr oyida jahon iqtisodiyotining o‘sishi 3,6 foizni tashkil etishi taxmin qilingan edi. Endi 2,6 foizga o‘sish kutilmoqda va buning asosiy sababi Ukrainadagi urushdir”, deydi UNCTAD globallashuv va rivojlanish strategiyalari bo‘limi direktori Richard Kozul-Rayt Jenevada so‘zlagan nutqida.

Qayd etilishicha, inflyatsiya o‘sib bormoqda va rivojlanayotgan mamlakatlar allaqachon bir trillion dollarlik qarz yukiga ega. Bunday vaziyatda UNCTAD o‘zgaruvchan valyuta kurslari, foiz stavkalarining o‘sishi va oziq-ovqat, yoqilg‘i narxlarining o‘sishiga duch kelgan rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun allaqachon ko‘rilgan moliyaviy choralarni yetarli emas, deb hisoblamoqda.

Hisobotga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarning moliyaviy likvidligini yaxshilash uchun zudlik bilan ko‘lami va ambitsiyalari bo‘yicha Ikkinchi jahon urushidan keyin G‘arbiy Yevropani tiklashga yordam bergan AQSHning “Marshall” rejasi bilan qiyoslanadigan ko‘p tomonlama moliyaviy islohot amalga oshirilishi kerak. Bu rivojlanayotgan va o‘rtacha daromadli mamlakatlarning ehtimoliy bankrotligining oldini olishga yordam beradi.

“Jahon iqtisodiyotining prognozi tez yomonlashmoqda va bu yil, ikki yillik COVID-19 inqirozidan so‘ng, global iqtisodiyotning o‘rtacha o‘sish sur’ati o‘tgan yilgi 5,5 foizga nisbatan 2,6 foizni tashkil etadi”, deydi. UNCTAD bosh kotibi Rebeka Grinspan.

Grinspan Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankini favqulodda choralar ko‘rishga, xususan, to‘lov balansi muammolari bo‘lgan mamlakatlarga yordam berish uchun XVJ taqdim etayotgan tezkor moliyalashtirish vositalaridan foydalanishga chaqirdi.

“Vaziyat hamma uchun yomonlashmoqda”, deb davom etgan UNCTAD rahbari iqlim inqirozi Afrikadagi qurg‘oqchilik, davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush kabi salbiy rol o‘ynaganini ta’kidlab.

Ta’kidlanishicha, hatto nisbatan boy davlatlar ham yashash narxining oshib borishiga duch kelgan holda, omon qolish uchun xalqaro moliya tizimiga murojaat qilmoqda. Ammo eng qashshoq, importga qaram davlatlar global iqtisodiy tanazzuldan ko‘proq zarar ko‘radi.

“Asosiy yuk oziq-ovqat, energiya va o‘g‘it narxlarining keskin oshishi, shuningdek, moliyaviy inqiroz tufayli rivojlanayotgan mamlakatlar zimmasiga tushadi”, deydi Grinspan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing