BMT Ukrainadagi harbiy jinoyatlar haqida dalillarni e’lon qildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi inson huquqlari buzilishini tekshirish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiyasi ushbu mamlakat hududida sodir etilgan harbiy jinoyatlar dalillarini topdi. 

Bu BMT Inson huquqlari kengashining joriy yil iyun oyida Ukrainaga qilgan tashrifi yakunlari bo‘yicha 51-sessiyasi doirasida komissiya tomonidan taqdim etilgan hisobotdan kelib chiqadi. 

Hujjatga ko‘ra, komissiya a’zolari Ukrainaning 27 ta aholi punktlarida bo‘lib, 150 dan ortiq voqea guvohi bilan suhbatlashgan. 

Hisobot urush zonalarida taqiqlangan portlovchi o‘q-dorilardan foydalanilgshaniga ishora qiladi. Bundan tashqari, hujumlar tinch aholi mavjudligini hisobga olmasdan amalga oshirilgan. 

Komissiya, shuningdek, harbiy jinoyatlar (qiynoqqa solish, qatl qilish, shafqatsiz muomala va jinsiy zo‘ravonlik) tasnifiga kiruvchi jinoyatlarning aniqlangan va hujjatlashtirilgan faktlari to‘g‘risida ham ma’lumot berdi. 

Komissiya rahbari Erik Mouzning so‘zlariga ko‘ra, tuzilma a’zolari tashrif buyurilgan hududlarda qatl etilgan odamlarning jasadlari ko‘pligidan hayratda qolgan.  

“Biz Ukrainadagi qurolli mojaro oqibatida tinch aholiga yetkazilgan azob-uqubatlardan xavotirdamiz”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing