BMT Rossiyaning “referendum”lari natijasini tan olmadi
Olam
−
28 Sentabr 2022 6305 4 daqiqa
Ukrainaning Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan hududlarida o‘tkazilayotgan “referendumlarni” xalq irodasining haqiqiy ifodasi deb bo‘lmaydi. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining Ukrainadagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishida tashkilot bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo ma’lum qildi.
Vaziyatni ta’riflar ekan, DiKarloning ta’kidlashicha, “Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining amaldagi rasmiylari” “referendumlar” doirasida ukrainaliklarni ushbu viloyatlarning Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilishini ma’qullaydilarmi, degan savolga javob berishga taklif qilmoqdalar.
U ovoz berish faqatgina saylov uchastkalarida bo‘lib o‘tmaganiga e’tibor qaratdi. Negaki de-fakto hokimiyat vakillari ham qurolli odamlar hamrohligida saylov qutilari bilan uyma-uy yurishgan.
“Rossiya nazorati ostidagi va Ukrainaning huquqiy va konstitutsiyaviy doirasidan tashqarida bo‘lgan hududlarda faol qurolli to‘qnashuv paytida aholining xohish-irodasi talab qilinganini hisobga olsak, ularni xalq irodasining haqiqiy ifodasi deb bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi DiKarlo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “bir davlatning boshqa davlat hududini kuch bilan qo‘shib olishga, uni xalq irodasi sifatida ko‘rsatib, qonuniylik ko‘rinishini berishga qaratilgan bir tomonlama harakatlar xalqaro huquqqa muvofiq qonuniy deb hisoblanishi mumkin emas”.
Bosh kotib o‘rinbosarining ta’kidlashicha, BMT tashkilotning tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq xalqaro tan olingan chegaralari doirasida Ukrainaning suvereniteti, birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga to‘liq sodiqdir.
Bundan tashqari, u “Rossiya Federatsiyasi, ishg‘ol qiluvchi davlat sifatida, xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq, bosib olingan hududlarni boshqarishda Ukraina qonunlarini hurmat qilishga majbur” ekanligini eslatdi.
Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar 23 sentyabr kuni bir vaqtning o‘zida to‘rtta mintaqada – DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida boshlandi. Ayni paytda barcha hududlarda ovoz berish yakunlandi, ovozlar sanab chiqilmoqda. Mintaqaviy saylov komissiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berganlarning aksariyati ushbu hududlarni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga sub’ekt sifatida kiritish tarafdori bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasidagi saylov uchastkalaridan olingan natijalar
100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha DXRning Rossiyaga qo‘shilishi 98,69% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Protokollarning 100% qayta ishlanishi natijasida LXRning Rossiyaga qo‘shilishi 97,93% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha Zaporoje viloyatining Rossiya Federatsiyasiga kirishi 97,81% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
100% protokollarni qayta ishlash natijalari bo‘yicha Xerson viloyatining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi 96,75% saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
Live
Barchasi