Bloger 15 sutkaga qamaldi. U advokati va qarindoshlari bilan uchrashtirilmayotgani aytilmoqda

Jamiyat

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini haqorat qilishda ayblanib, ichki ishlar idoralariga olib ketilgan avtobloger Bobur G‘aniyev ustidan ish qo‘zg‘atilib, allaqachon sud majlisi ham o‘tkazib bo‘lingan. Sud qaroriga ko‘ra, u 15 sutkaga qamalgan. Bu haqda blogerning advokati va yaqin qarindoshlari bilan suhbatda bo‘lgan QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova xabar qilmoqda. 

Tahririyatga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur G‘aniyev poytaxtdagi “Panelniy” nomi bilan tilga tushgan hibsxonaga joylashtirilgan. Ayni vaqtda uning qarindoshlari va advokati bilan uchrashishiga ruxsat berilmayapti. Bu haqdagi murojaatdan so‘ng, QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari mahkumlarni saqlash maskaniga yetib borib, G‘aniyevning qarindoshlariga mikrofon tutdi. 

“Ertalab (1 oktyabr kuni) uyg‘onganimda, kelinoyim telefon qilib, internetda akamni video va rasmlari tarqalib ketganini aytdi. Internetga kirsak, akamni tiz cho‘kib turgani aks etgan rasm va videolarini ko‘rdik. Keyin Uchtepa tumani IIBga keldik. Hech kimni kiritishmadi. Bizga hech kim nega ichki ishlarga olib kelingani, nega bunday qilgani haqida ma’lumot bermadi. "Sud bo‘lyapti, turishingizdan foyda yo‘q, "Panelniy"ga olib ketishadi”, deyishdi. O‘shanda soat 20:00 dan o‘tgan edi. 

Akamning ismini aytganimizda, bizga ma’lumot berishmadi, faqat yonidagi bolani ismini aytganimizda, ularning sudi bo‘lyapti, 20 daqiqada tugaydi, deyishdi”, deydi Bobur G‘aniyevning jiyani Azamat Abdujabborov. 

Bobur G‘aniyevning yaqinlari so‘zida davom etarkan, bugun, 2 oktyabr kuni advokat yollab, “Panelniy”ga olib kelinganda, qo‘riqchilar advokatning ham, yaqin qarindoshlari ham ichkariga kirishiga ruxsat bermaganini aytadi. 

“Kecha advokat yollamoqchi edik, lekin vaqt tugab qoldi, kech bo‘lib ketdi. Bugun advokat bilan keldik, lekin advokatni ham kiritmayapti. Bu yerda aytishlaricha, aynan 3-4 kishining yoniga hech kimni kiritmaslik va hech narsa qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki buyruq kelgan. Ertalab 9:00 dan beri shu yerda turibmiz”, deydi avtoblogerning jiyani. 

G‘aniyevning qarindoshlariga ko‘ra, avval ham unga “yo‘q qilib yuboraman”, degan bosimlar bo‘lgan. 


Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida yerda o‘tirgani aks etgan video va suratlar tarqalgan edi. Poytaxt IIB mazkur suratlar ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlardan so‘ng, bloger bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi. 

Unda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.

Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.

Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.

Keyinroq, Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ bilan suhbatda IIBga olib kelingan bloger Bobur G‘aniyevning yerda o‘tirgan holatda so‘roq qilinayotgani aks etgan foto va videomateriallarni tarqatgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

bloger Yo'l-patrul' xizmati Sud qarori Bobur G'aniev

Baholaganlar

113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing