Bishkekdagi tungi tartibsizliklar vaqtida 29 kishi jarohatlandi

Olam

image

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi tungi tartibsizliklardan so‘ng 29 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda bugun, 18 may kuni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“18 mayga o‘tar kechasi tez tibbiy yordam brigadalariga 29 kishi murojaat qilgan, 15 nafari shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi va Milliy gospitalga yetkazilgan, qolganlariga esa voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Manbaga ko‘ra, 18 may kuni ertalab shifoxonada bosh miya yopiq jarohati va miyasi chayqalgan ikki bemor bor edi. Bemorlarning ahvoli nisbatan qoniqarli deb baholanmoqda.

Respublika Sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev jarohatlangan Pokiston fuqarosi joylashtirilgan milliy shifoxonaning yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga bordi. Unga jag‘ sinishi tashxisi qo‘yilgan. Bemor operatsiyaga tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 may kuni kechki payt Bishkekda 1 mingdan ortiq odam ishtirokida miting bo‘lgandi. Mitingga 13 may kuni sodir bo‘lgan mushtlashuv sabab bo‘lgan. 13 may kuni kechqurun Budyonniy yotoqxonasida mahalliy va xorijlik fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Politsiya Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 280-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va janjalning barcha ishtirokchilari ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev miting ishtirokchilarining talablarini qo‘llab-quvvatlab, respublika qonunchiligini buzayotgan xorijliklarga nisbatan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan kerakli ishlar olib borilayotgani, asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari huquqbuzarlik qilayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Bishkek miting

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing