Bayden Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 6 may kuni Ukrainaga 150 million dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ajratilishini ma’lum qildi. Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi paket doirasida Vashington Kiyevga, xususan, artilleriya o‘q-dorilari va radarlarni topshiradi. 

“Men Ukrainani artilleriya o‘q-dorilari  radar va boshqa jihozlar bilan ta’minlaydigan yana bir xavfsizlik yordam paketini e’lon qilaman”, deyiladi Prezident yozma bayonotida. 

Shu bilan birga, Bayden AQSH Kongressi tomonidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun ajratilgan mablag‘ deyarli tugaganini eslatdi. Shu munosabat bilan davlat rahbari yana bir bor qonunchilarni Vashington ma’muriyatining Kiyevga yana 33 milliard dollarlik yordam ko‘rsatish haqidagi avvalroq so‘rovini ma’qullashga chaqirdi.  

“Bugungi e’lon bilan mening ma’muriyatim Ukrainaga yordam jo‘natish uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘ni deyarli tugatdi. Kongress Ukrainaning jang maydonida, shuningdek, muzokaralar stolida o‘rnini mustahkamlash uchun so‘ralgan mablag‘ni zudlik bilan taqdim etishi kerak”, deydi Bayden. 

Eslatib o‘tamiz, Bayden Kongressdan Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam sifatida 33 milliard dollar so‘radi. Bayden so‘ragan mablag‘ga 8,5 milliard dollar iqtisodiy yordam va 3 milliard dollar gumanitar va oziq-ovqat yordami kiradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Jozey Bayden

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing