Bayden Erdo‘g‘an bilan uchrashishga umid qilyapti

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, Madriddagi NATO sammiti doirasida Turkiya rahbari bilan uchrashishga umid bildirdi. Bu haqda bugun, 28 iyun kuni Oq uy ma’lum qildi. 

“Prezident Bayden Prezident Erdo‘g‘an bilan Madriddagi NATO sammitida uchrashishni intiqlik bilan kutayotganini aytdi, u yerda yetakchilar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi transatlantik xavfsizlik va alyans uchun boshqa tahdidlar, masalan, terrorizm uchun oqibatlari, jamoaviy mudofaa va xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi va ittifoqni mustahkamlash bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qiladi”, deyiladi Oq uy bayonotida. 

Erdo‘g‘an Ispaniyaga uchishdan oldin, u bilan telefon suhbatlari chog‘ida Bayden 28 iyun yoki 29 iyun kuni kechqurun uchrashish istagini bildirganini aytdi. Turkiya rahbari shunday uchrashuv o‘tkazishga roziligini bildirdi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Jo Bayden

Baholaganlar

6

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing