Baku eronlik diplomatlarni persona non grata deb e’lon qildi

Olam

image

Eronning Ozarbayjondagi elchixonasining to‘rt nafar xodimi persona non grata deb e’lon qilindi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bugun, 6 aprel kuni Eronning Bakudagi elchisi Sayid Abbos Musaviy Ozarbayjon TIVga chaqirilgan. Uchrashuvda elchiga Eronning Ozarbayjonga qarshi provokatsion harakatlaridan keskin norozilik bildirilgan.

Sayid Abbos Musaviyga Eron elchixonasining to‘rt nafar xodimi Ozarbayjon hukumati tomonidan diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan va 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga zid bo‘lgan faoliyati uchun persona non grata (nomaqbul shaxslar) deb e’lon qilingani ma’lum qilindi. Bu shaxslarga 48 soat ichida Ozarbayjon hududini tark etishlari buyurilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgani, oqibatda diplomatik missiyaning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i halok bo‘lgani va uning ikki hamkasbi yaralanganini ikki mamlakat orasidagi munosabatlarni sovuqlashtirgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qurolli hujumni qoralab, uni terakt deb atagan va zudlik bilan tergov qilinishini, aybdorlarning jazolanishini talab qilgandi. 29 yanvar kuni esa mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolari – jami 53 kishi Bakuga evakuatsiya qilindi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Halaf Halafov jurnalistlarga elchixona diplomatik faoliyatini to‘liq to‘xtatganini, biroq Tabrizdagi bosh konsullik normal faoliyat yuritishda davom etishini aytdi. Yaqinda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning Isroilga borgani ortidan munosabatlar yanada keskinlashdi. Eron TIV matbuot kotibi Nosir Kanani Ozarbayjonni Isroil bilan Eronga qarshi harakat qilishga kelishganlikda aybladi. Shundan so‘ng Baku Kananining “haqiqatdan yiroq” bayonotlarini qat’iy qoralab, uning chiqishlari Ozarbayjon-Eron munosabatlarini inqirozga olib borish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini ta’kidladi. Keyinchalik Eronning Bakudagi elchisi Sayid Abbos Musaviy Eron matbuotida Ozarbayjonga qarshi materiallar chop etilgani munosabati bilan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing