“Azovstal”dagi harbiylar Turkiyaga ketmoqchi – Pushilin

Olam 18289
image

Mariupolning “Azovstal” zavodida bloklab qo‘yilgan ukrainalik harbiylar ularni Turkiyaga qurol bilan qo‘yib yuborishni so‘ramoqda. Bu haqda Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin xabar berdi.

"Ular bizning armiyamizga, rus harbiylariga yuzlanib, qanday qilib taslim bo‘lish yaxshiroq ekanini savdolashishga harakat qilyapti. Ular buni talab qilyapti yoki so‘rayapti. Ular Kiyevga ishonmaydi. Ya’ni so‘nggi iltimoslarida evakuatsiya Kiyevga, Ukraina nazorati ostidagi tomonga emas, balki Turkiyaga qo‘yib yuborishni so‘radi, ular u yerda qurolsizlanishga ham tayyor.  Albatta, bu bema’ni taklif”, deydi Pushilin.

Joriy yilning 21 aprel kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Vladimir Putinga harbiy harakatlar bo‘yicha hisobot berib, Mariupolning ozod qilingani va qolgan jangchilar “Azovstal”da to‘sib qo‘yilganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 aprel kuni Tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) xalq militsiyasining harbiy guruhlari Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududiga hujum boshlagandi. 

Sergey Shoyguning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qilishicha, zavod hududida qolgan tinch aholi uchun gumanitar yo‘laklar tayyorlangan va sukunat rejimi e’lon qilingan, biroq zavodni hech kim tark etmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bir necha kun ichida zavodga tutash hududlardan yuzdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Shundan so‘ng Putin “Azovstal”ga hujumni nomaqbul deb atagan va uni bekor qilib, sanoat zonasini to‘sib qo‘yishni va pashsha ham uchib o‘tishi yo‘l qo‘ymaslikni buyurgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 32
Reyting: 3
t
×