Avgust oyida Ukrainadan qancha don eksport qilingani ochiqlandi
Olam
−
21 avgust 2022
7255Avgust oyi boshidan beri Ukraina portlaridan 650 ming tonnadan ortiq don eksport qilindi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
Guterrish oziq-ovqat eksporti bilan shug‘ullanuvchi Qo‘shma markazning muvaffaqiyatli faoliyati haqida gapirib, ushbu ish dunyo bozorlarida oziq-ovqat narxini pasaytirishga yordam berishiga umid bildirgan.
“Men Odessa portiga borib, bug‘doyni kemaga ortilishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. G‘alla omborlarni to‘ldirishini ko‘rib, juda ta’sirlandim. Bu butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlar uchun umid uyg‘otdi. Biz uzoq davom etadigan jarayonning boshida turibmiz, lekin siz allaqachon ushbu muhim kelishuvning butun dunyo uchun salohiyatini namoyish etib bo‘ldingiz”, deydi Guterrish.
Ma’lumot uchun, 18 avgust kuni Lvovda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. So‘ng Erdo‘g‘an va Zelenskiy ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun alohida muzokara o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi