Qozog‘iston Xitoyga don yetkazib berishni ko‘paytirmoqchi

Olam

image

Yarim yil davomida Qozog‘iston Xitoyga 100 ming tonnadan ortiq don eksport qildi. Bu haqda mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

“Joriy yilda Xitoy tomoni bilan Alashankou stansiyasiga “kuniga bitta poyezd” sxemasi bo‘yicha (koronavirus pandemiyasi sababli uch yillik taqiqdan so‘ng) Qozog‘iston donini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Buning sharofati bilan Qozog‘iston eksportchilari Xitoyga don eksportini tikladi. Shunday qilib, 2023 yilning birinchi yarmida Xitoyga “kuniga bir poyezd” sxemasi bo‘yicha 100 ming tonnadan ortiq mahalliy bug‘doy eksport qilindi”, deyiladi vazirlik bayonotida .

Ma’lum qilinishicha, endilikda kuniga ikkitadan poyezd jo‘natish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

"Bu g‘alla eksporti hajmini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, Xitoy tomoni Qozog‘iston donini qabul qiluvchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Qozog‘iston donini Xitoyga yetkazib berish hajmini oshirishga ham yordam beradi", deya ta’kidlaydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning olti oyida Qozog‘istondan bug‘doy va meslin eksporti 3,3 million tonnaga yetgan. Eksport hajmi 876,7 million dollarni tashkil etgan. Mahsulotning asosiy qismi – 2,3 million tonnasi MDH davlatlariga jo‘natilgan. Masalan, O‘zbekistonga – 1,7 mln, Tojikistonga - 325,1 ming tonna, Turkmanistonga - 156,1 ming tonna don eksport qilingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25,5 foizga ko‘pdir. Boshqa mamlakatlarga esa 974,6 ming tonna bug‘doy jo‘natilgan. Shulardan Afg‘onistonga 318,5 ming tonna, Italiyaga 214,5 ming tonna va Xitoy 152,8 ming tonna bug‘doy yuborilgan. Afg‘onistonga bug‘doy eksporti bir yilda 25,4 foizga oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Xitoy don

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing