Rossiyaga Qozog‘iston donini olib kirish rasman taqiqlandi
Olam
−
17 Oktabr
7224Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) Qozog‘istondan bug‘doy, yasmiq, zig‘ir urug‘i va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mamlakatga olib kirishga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi. Bu haqdagi tegishli qaror Rosselxoznadzor saytida e’lon qilindi.
“Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmat 2024 yil 17 oktyabrdan boshlab Qozog‘iston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasi hududiga yumshoq va qattiq bug‘doy, yasmiq, zig‘ir urug‘i olib kirishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etadi. Faqat Qozog‘iston tomonidan fitosanitariya sertifikatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri yakuniy manzil davlatga taqdim etilishi sharti bilan tranzit don olib kirish va temiryo‘l vagonlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri kemalar omborlariga yuk ko‘chirish holatlari bundan mustasno", deyiladi Rosselxoznadzor qarorida.
Shuningdek, uchinchi mamlakatlardan yangi tarvuz, pomidor, qalampir va ekish uchun kungaboqar urug‘larini olib kirishga ham taqiq kiritilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, bu qaror bugun, 17 oktyabrdan kuchga kiradi va amal qilish muddati cheklanmagan.
Ma’lumot uchun, 23 sentyabrdan boshlab Rossiya Qozog‘iston doni va bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z hududi orqali tranzit qilishga bir tomonlama cheklovlar kiritgan edi.
Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, 8 oktyabr kuni Rosselxoznadzor bilan Qozog‘iston karantin nazoratidagi mahsulotlarini qaytarish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan, 9 oktyabr kuni esa Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi platformasida Rosselxoznadzor va Rossiya davlat idoralari vakillari, Qozog‘iston davlat organlari va biznesi ishtirokida birinchi maslahatlashuv bosqichi bo‘lib o‘tgan.
Kecha, 16 oktyabr kuni Qozog‘iston parlamenti deputati Aydarbek Xojanazarov Bosh vazir Oljas Bektenovdan Rossiya bilan muzokaralarni boshlashni va Qozog‘iston mahsulotlarini tranzit qilishga qo‘yilgan asossiz fitosanitariya cheklovlarini bekor qilishni so‘ragan. Shuningdek, u Rossiya mahsulotlarini Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish tariflarini qayta ko‘rib chiqish va Rosselxoznadzor ustidan ushbu tashkilot tufayli mahalliy eksportchilar zarar ko‘rayotgani uchun sudga da’vo kiritish kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rosselxoznadzor Qozog‘istondan Rossiyaga eksport qilinadigan don va uning qayta ishlangan mahsulotlari, kungaboqar urug‘lari va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun fitosanitariya sertifikatlarini berishni to‘xtatishni so‘ragani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi