Asadning SHHT sammitiga kelishi haqidagi xabarlar rad etildi

Olam

image

Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlari rahbarlarining Samarqandda o‘tadigan sammiti doirasida Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar Asad bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. 

O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatilla Nurimbetov ushbu xabarlarga munosabat bildirdi. 

“Suriya Prezidenti Bashar Asadning Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etishi masalasi ko‘tarilmagan va muhokama qilinmagan”, deydi milliy koordinator RIA Novostiga bergan intervyusida. 

Joriy hafta boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Asaddan SHHT sammitida ishtirok etishni so‘ragani, Turkiya va Suriya rahbarlarining uchrashish ehtimoli yuqori ekani aytildi.

Bu orada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li OAVda tarqalgan ma’lumotlarni rad etdi. Vazirga ko‘ra, Erdo‘g‘an va Asad SHHT sammiti doirasida uchrashmaydi.

“SHHT sammitida bunday uchrashuv bo‘lib o‘tishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Asad u yerga taklif qilinmagan”, degan vazir “Haber Global” telekanaliga bergan intervyusida.

“Haqqin” nashri ham Damashq universiteti professori Mehmet Yuvaga tayanib, Suriya Prezidenti Bashar Asad SHHT sammitiga taklif qilingani haqida yozdi.

Shu o‘rinda Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi davrida Turkiya doimiy ravishda Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlab, Bashar Asad hukumatini qonuniy deb tan olishdan bosh tortganini eslatish o‘rinlidir. O‘sha kezlarda ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar ham uzilib qolgandi. Ammo Turkiya rahbari Misr, Saudiya Arabistoni va Isroil bilan siyosiy munosabatlarni birin ketin tiklab, “ko‘prik qurish” siyosatiga qaytgach, navbat Damashqqa kelgan ko‘rinadi. Erdo‘g‘an o‘z intervyusida Turkiya Bashar Asadni ag‘darmoqchi emasligini, balki u bilan YPG terrorchilariga qarshi qo‘shma harbiy operatsiyani muhokama qilmoqchi ekanini, bundan tashqari, jarayonda Rossiya va Eron ham ishtirok etishga tayyorligini tan olgani bejiz emas.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, SHHT sammiti mezboni bo‘lgan O‘zbekiston tomoni Suriya rahbarining tashrifi haqida ma’lumot bermadi. Joriy yilning 29 iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazir v.b. Vladimi Norov tashkilotning sentyabrda Samarqandda o‘tadigan sammitida kimlar ishtirok etishi haqida ma’lumot berib, doimiy a’zolardan tashqari, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va Turkmaniston rahbarlari kelishini bildirgandi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud ham taklif etilgani ma’lum bo‘lgandi. Biroq janob Norov na Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an, na Suriya yetakchisi Asad haqida og‘iz ochmagan.

Erdo‘g‘anning Samarqanddagi sammitga taklif etilgani 5 avgust kuni uning Sochida Putin bilan uchrashganidan keyin ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Bashar Asad

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing