Asad davridagi Suriya bosh muftiysi umrbod qamaldi
Olam
−
10:02 1691 2 daqiqa
Suriyada sobiq prezident Bashar Asad davrida mamlakat bosh muftiysi bo‘lgan Ahmad Hassun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U mazhablararo adovat va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish, qotillikni oqlash hamda lavozimini suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi. Bu haqda DW xabar berdi.
Qayd etilishicha, Damashqdagi Jinoyat ishlari bo‘yicha to‘rtinchi sud kecha, 24 avgust kuni Ahmad Hassunga nisbatan hukm chiqargan. Sud uning insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarga aloqadorligi ham aniqlanganini bildirgan. Shuningdek, sud mahkumning ko‘char va ko‘chmas mol-mulkini davlat xazinasi foydasiga musodara qilish haqida qaror qabul qilgan.
Hassun 2005–2021 yillarda Suriyaning eng yuqori diniy lavozimi bo‘lgan bosh muftiy vazifasini egallagan. U Bashar Asad rejimiga yaqinligi va sobiq prezident bilan diniy tadbirlarda tez-tez birga ko‘rinishi bilan tanilgan.
Sudya Faxriddin al-Ariyon Asad davridagi rasmiy diniy muassasalar tinch aholi yashaydigan hududlarga qarshi qo‘llanilgan bochkali bombalardan foydalanishni oqlaganini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hassun Asad hukumati ag‘darilganidan so‘ng Suriyani tark etishga uringan vaqtida, 2025 yil mart oyida Damashq aeroportida qo‘lga olingan. U yangi hukumat davrida sudlangan Asad rejimiga aloqador o‘ninchi rasmiy bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni Suriya sudi respublikaning sobiq prezidenti Bashar Asadni o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. Shuningdek, 18 avgust kuni Damashq sudi Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning amakivachchasi Vosim Asadga nisbatan ham o‘lim jazosi hukmini chiqargan edi.
Live
Barchasi