Asadning amakivachchasi o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Bugun, 18 avgust kuni Damashq sudi Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning amakivachchasi Vasim Asadga nisbatan o‘lim jazosi hukmini chiqardi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vasim Asad “insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar sifatida malakalangan shafqatsizlik hamda qiynoqlar bilan amalga oshirilgan qotilliklar”da aybdor deb topilgan. Vasim Asad Suriyada shaxsan sud oldida javob bergan va hukm qilingan Asadlar oilasining birinchi a’zosi bo‘lgan. 

Unga 2011 yil boshidan beri muntazam bo‘lmagan qurolli guruhlarni tuzish va ularga rahbarlik qilish aybi qo‘yilgan. Shuningdek, u Sharqiy G‘utaning tinch aholi yashaydigan hududlariga, xususan, Al-Mleyha shahriga qarshi harbiy operatsiyalarda ishtirok etganlikda ayblangan, bu esa sud hukmiga ko‘ra tinch aholining halok bo‘lishiga olib kelgan. Shu bilan birga, sud Vasim Asadni narkotik moddalar savdosi bo‘yicha ayblovlarda uning bevosita aloqadorligiga oid dalillar yetarli emasligini tan olib, oqlagan.

Joriy yilning 11 avgust kuni Damashq sudi Bashar Asadning yana bir qarindoshi – Deraa provinsiyasi siyosiy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Otif Najibni o‘lim jazosiga hukm qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Najib 2011 yilda hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishga rahbarlik qilgan.

Ma’lumot uchun, Bashar Asad 2024 yilning dekabrida ag‘darilgan edi. U Rossiyaga qochib o‘tib, u yerdan boshpana oldi. Hokimiyat tepasiga muxolifat keldi, o‘tish davrida mamlakatni muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara boshqarmoqda. Bashar Asad 2000 yildan beri Suriyani boshqarib kelayotgan edi, u muqobilsiz referendum yakunlariga ko‘ra davlat rahbari lavozimini otasi Hofiz Asaddan keyin qabul qilib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bashar Asad va uning inisi Mohir Asad ham o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Biroq ular mamlakat hududini tark etgani sababli bu hukm sirtdan chiqarilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing