“Arqadag‘”ning tug‘ilgan kunida Ozodbek Nazarbekov ham qatnashib, unga atab qo‘shiq kuyladi (video)
Madaniyat-san’at
−
01 iyul 2020
25504Joriy yilning 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 63 yoshni qarshilagani haqida xabar bergan edik.
Shu munosabat bilan poytaxt Ashxoboddagi “Arqadag‘” bog‘ida bayram konserti tashkillashtirildi. Unda tele-ko‘prik orqali O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozodbek Nazarbekov ham qatnashdi.
Nazarbekov tele-ko‘prik orqali poytaxt Toshkentda joylashgan “Tashkent city”dagi bog‘dan aloqaga chiqdi. U “Arqadag‘”ni qutlarkan, shunday deydi:
“Muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich! Xonimlar va janoblar, aziz qardoshlar! Albatta, so‘nggi yillarda ikki xalqning do‘stligi yo‘lida olib borayotgan barcha sa’y-harakatlaringiz , o‘ylaymanki, bugun mana shu ikki xalqni yanada jipslashtirdi, yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Mana shu ulug‘ kunlarda, mana shu bayram kunida men ham sizni tabriklab ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Hozir bu davrada juda ko‘p san’atkor do‘stlarimni ko‘ryapman, ustozlarimni ko‘ryapman. Ustoz ayrimjilarni ko‘ryapman. Juda ham xursand bo‘ldim.
Meni ozgina qilgan mehnatimni yuksak mufokot bilan taqdirlaganingiz uchun butun O‘zbekiston san’atkorlari nomidan chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. O‘ylaymanki, bu mukofot nafaqat meniki, balki butun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha san’atkorlar uchun deb qabul qilaman. Bu mukofot men uchun mas’uliyat yuklaydi. Kuchimiz boricha, g‘ayratimiz boricha o‘zbek xalqiga, turkman xalqiga sitqidildan, chin qalbdan xizmat qilishga hamisha tayyorman.
Turkman xalqini juda yaxshi ko‘raman. Doim konsertlarimda, Turkmanistonda – Ashxobodda, Avazada bo‘lgan konsertlarimda turkman xalqi meni hech qachon yolg‘iz qoldirmagan. Doim qo‘llab-quvvatlagan, zallarni to‘ldirib... Turkmanistonga borganimda men doim xuddi O‘zbekistonda, o‘z yurtimda xizmat qilayotgandek muxlislar qurshovida bo‘laman. Bu meni juda quvontiradi. Bundan keyin ham kuchim boricha, g‘ayratim boricha turkman xalqiga xizmat qilishga hamisha tayyorman. Kichkinagina, kamtarona mehnatimni qadrlab, bunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rganingiz uchun sizga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Katta rahmat”, deydi Nazarbekov.
Vazir nutqi so‘nggiga qadar qo‘lini o‘ng ko‘ksida saqlaydi. U tabrik so‘zini yakunlab, “Arqadag‘”dan turkmanistonlik xonanda Dilbar Rahmonova bilan tayyorlagan musiqiy sovg‘asini kuylashni so‘raydi. Tadbirda Nazarbekov va Rahmonova ijrosidagi “Barigal” qo‘shig‘i fonogrammasi qo‘yiladi. Xonanda Dilbar Rahmonova konsert sahnasida qo‘shiqni turkman tilida kuylaydi, o‘z navbatida Nazarbekov fonogramma ortida sahna markaziga o‘rnatilgan monitorda ovoz qimirlatib turadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ozodbek Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkandi.