Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkmaniston milliy yetakchisi Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentning tinimsiz mehnati va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati tufayli O‘zbekiston yangi marralarni zabt etayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda salmoqli taraqqiyotga erishayotganini alohida ta’kidlagan. Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik sur’ati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan hamda yaqinda Ashxobodda o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali yakunlari yuksak baholangan.

Suxbatda o‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish masalalari ham gaplashilgan.  Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, muloqotda mintaqaviy kun tartibini, shu jumladan joriy yil kuzda Avaza shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.

U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing