AQSH-Ukraina-Rossiya muzokaralari: Hozircha nimalar ma’lum?
Olam
−
25 mart
5939Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida AQSH delegatsiyasi Ukraina va Rossiya Federatsiyasi bilan alohida va yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazdi. 23 va 24 mart kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida uch yildan ortiq davom etayotgan keng ko‘lamli urushda qisman sulh tuzish masalasi muhokama qilindi. Muzokaralar tugashiga oz vaqt qolganda AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus jarayonning borishi haqida izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Rossiya to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga yaqin.
“Biz bunga yaqinmiz, qiziq tomoni ham shu. Biz hech qachon to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga hozirgidek yaqin bo‘lmaganmiz”, deya ta’kidladi u.
Bryus, shuningdek, ayni paytda Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish masalasi muhokama qilinayotganini, shundan so‘ng tomonlar keyingi mavzularga o‘tishlarini aytdi.
“Potensial tinchlik kelishuvi nuqtai nazaridan, ikki tomon ham murosaga kelishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti vakili.
Rossiya delegatsiyasi a’zosi, Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Grigoriy Karasin Rossiya-Amerika maslahatlashuvlari boshlanganidan 10 soat o‘tib yakunlanganini e’lon qildi.
Bugun, 25 mart kuni Ar-Riyoddagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Rossiya va AQSHning qo‘shma bayonoti e’lon qilinishi kutilmoqda. Bitimlar imzolangani haqida esa xabarlar yo‘q.
Bir kun avval AQSH va Ukraina delegatsiyasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning borishi va mazmuni haqida ko‘p narsa ma’lum emas edi. Ular tugashiga bir necha soat qolganda AQSH Prezidenti Donald Tramp Kiyev bilan Ukrainada foydali qazilmalarni qazib olishdan keladigan daromadlarni taqsimlash bo‘yicha kelishuv yaqin orada imzolanishini kutayotganini aytdi.
Bundan tashqari, u Vashington Ukraina bilan Ukraina elektr stansiyalarini Amerika kompaniyalariga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berdi.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ar-Riyoddagi muzokaralarda boshqa mavzular qatorida bu mavzular ham muhokama qilinmoqda, ular birinchi navbatda Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan.
“Biz hozir hudud haqida gapiryapmiz. Biz chegara chiziqlari, energetika, elektr stansiyalariga egalik qilish haqida gapiryapmiz. AQSH elektrostansiyaga egalik qilishi kerak, chunki bizda tajriba bor”, deydi Tramp.
Ayni paytda, Moskva Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan Ukrainadagi urushni tugatishda sezilarli muvaffaqiyat kutmaslik kerakligi haqida ogohlantirdi.
“Bu yopiq eshiklar ortida o‘tadigan muzokaralar. Albatta, biz qandaydir yutuqlarni kutmasligimiz kerak, chunki ish bir necha yo‘nalishda ketayotganini tushunamiz”, dedi Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, muzokaralar “mavzulardan biri bo‘lgan texnik masalalarning ma’lum qismi bo‘yicha” olib borilmoqda.
“Hali juda ko‘p turli jihatlar bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqilishi kerak”, dedi u.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, muhokama mavzularidan biri Qora dengizda kemalar tashish xavfsizligi bo‘lgan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 24 mart kuni kechki murojaatida Ukraina delegatsiyasi AQSH-Rossiya uchrashuvi tugaganidan keyin AQSH delegatsiyasi bilan keyingi muzokaralar o‘tkazishini aytdi.
“Rossiya bu urushni cho‘zayotgan va xalqimizni va butun dunyoni masxara qilayotgan yagona davlatdir. Rossiyani tinchlik sari undash uchun kuchli narsalar, kuchli qadamlar kerak”, dedi u.
Delegatsiyalar tarkibi
Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga Mudofaa vaziri Rustam Umarov va Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Pavlo Palisa boshchilik qildi.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan Buyuk Britaniyadagi sobiq elchi Grigoriy Karasin va Rossiya FXX direktori maslahatchisi Sergey Beseda ishtirok etdi.
AQSH delegatsiyasi tarkibi rasman e’lon qilinmagan. “Reuters”ning yozishicha muzokarachilardan biri Milliy xavfsizlik kengashining katta direktori Endryu Pik edi. Uchrashuvlarda Davlat departamentining siyosatni rejalashtirish bo‘yicha direktori Maykl Anton ham ishtirok etdi.
“Shattl diplomatiyasi”
AQSHning Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellogg Ar-Riyoddagi bilvosita muzokaralarni Amerika delegatsiyasi tomonlar o‘rtasida harakatlanib, Rossiya va Ukraina vakillari bilan “alohida xonalarda” uchrashuvlar o‘tkazadigan “shatl diplomatiya” deb ta’rifladi.
Muzokaralar yangi raundining asosiy masalasi energetika infratuzilmasiga o‘t ochishni 30 kunga to‘xtatishdir. Rossiya ham, Ukraina ham ushbu qisman otashkesimga prinsipial ravishda kelishib oldi, ammo u hali amalga oshirilmadi. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Qora dengizdagi kemalar uchun ham uzaytirishga harakat qilmoqda.
LiveBarchasi