Ar-Riyod muzokaralari: Rossiya Ukrainaning 4 viloyatini talab qilmoqda

Olam

image

Rossiya Saudiya Arabistonidagi AQSH bilan muzokaralar chog‘ida Ukrainadagi to‘rtta viloyat – Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson ustidan o‘z nazoratini o‘rnatishni talab qilgan. Bu haqda Kreml pozitsiyasidan xabardor bo‘lgan bir necha manbaga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.

Kremlga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mazkur viloyatlar ustidan har qanday yo‘l bilan nazoratni mustahkamlashga intilmoqda.

“Konstitutsiyada hududlarning Rossiya tarkibidan chiqish mexanizmi mavjud emas. Bizga butun Zaporoje va butun Xerson viloyati kerak”, degan manba.

Boshqa bir manba – amaldagi Rossiya rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Kreml Vashingtonning Kiyevga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan butunlay qo‘shinlarini olib chiqish talabini qo‘yishiga umid qilmoqda. 

“Yoki Tramp ularga bosim o‘tkazib, chiqib ketishga majbur qiladi, yoki bizga “uzoq muzokaralarga kiring va parallel ravishda harbiy kuch orqali nazoratni o‘rnatishga harakat qiling”, deyishadi. Bu biz uchun eng yomon variant, chunki daryolarni kechib o‘tish – doim og‘riqli operatsiya”, deya tushuntirgan manba.

Muqobil variant sifatida Rossiya boshqa bir Ukraina viloyatining, masalan, Dnepropetrovsk yoki Sumi viloyatining bir qismini egallab, keyinchalik uni Xerson va Zaporoje bilan almashishni taklif qilishi mumkin.

“Biz Dneprni kechib o‘tish va Xersonni shturm qilishga majbur bo‘lmaydigan variantni topishga umid qilamiz. Juda umid qilamanki, bunga yetib bormaymiz. Chunki bu biz uchun minglab yo‘qotishlarni anglatadi”, deydi manba.

Joriy yil fevral oyi holatiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Lugansk viloyatining 98,6 foizini, Donetskning 62,6 foizini, Zaporojening 71,9 foizini va Xersonning 69,3 foizini nazorat qilgan.

Shuningdek, nashrning yozishicha, Moskvada Donald Tramp ma’muriyati uchun aynan qaysi hududlar Kreml nazoratiga o‘tishi unchalik muhim emas, degan umid bor. Bu haqda ikki nafar rossiyalik diplomat ma’lum qilgan.

“Men tushungan narsaga ko‘ra, Tramp zamonaviy, yaxshi qurollangan va g‘arbparast Ukrainani ko‘rishni istaydi. U shunchaki butun Ukrainani topshira olmaydi. Ammo chegaraning qayerdan o‘tishi u uchun unchalik muhim emas”, degan diplomatlardan biri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni poytaxtida amerikalik vositachilar Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazayotgani, chunki Vashington uch yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng Moskva va Kiyev o‘rtasida cheklangan sulhga erishmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Uchrashuv matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing