Antimonopoliya yog‘ narxi oshishi bo‘yicha 34 ta klasterga ish qo‘zg‘atdi
Jamiyat
−
10 may 2021
10002Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan paxta yog‘i narxlari keskin oshganligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda Qo‘mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi 53-son qarorining 2-bandiga muvofiq paxtadan olingan chigit paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchisi tomonidan yog‘-moy korxonalariga birja savdolari yoki mahsulotni qaytarish asosida sotilish belgillangan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yil aprel oyi davomida birja savdolariga 40 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan texnik chigit savdolarga qo‘yilgani hamda qo‘yilayotgan texnik chigitning boshlang‘ich narxlari aprel oyida o‘rtacha 38 foizga ko‘tarilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, o‘simlik yog‘i narxining oshishiga asosan kungaboqar urug‘lari ishlab chiqarish va eksportning qisqarishi bilan bog‘liq tashqi muhit ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Ammo, ayrim paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari vaziyatdan foydalangan holda, paxta chigiti narxini asossiz oshirishdi, bu esa o‘z ta’sirini paxta yog‘ining narxiga ham ko‘rsatdi”, deyiladi xabarda.
Bunda, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun’iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘simlik yog‘ini QQSdan vaqtincha ozod qilish haqida qonun qabul qilib, Senatga yuborgan edi.
Shundan so‘ng, Senat o‘simlik yog‘ini QQSdan ozod qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. 30 aprel kuni O‘zbekistonga o‘simlik yog‘ini olib kirish QQSdan ozod qilindi.
Ushbu sohadagi mutaxassis esa yog‘-moy QQSdan ozod qilingani bilan narxlar tushmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi