Andijondagi gaz portlashidan keyin masjidlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning 31 mart kuni Andijon viloyatidagi “Ahmadali hoji” jome masjidida sodir bo‘lgan gaz portlashi ortidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatdagi masjidlarning yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi, issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tizimlari nazoratdan o‘tkazilayotganini bildirdi.

“Mo‘min-musulmonlar emin-erkin ibodat qilishi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish uchun rejali ishlar doimiy amalga oshirib kelinadi. Ayniqsa, bayram kunlari, katta jamoat yig‘iladigan vaqtlarda masjid xonaqohlari, qo‘shimcha binolari, tahoratxonalari va tutash bo‘lgan inshootlarda har jihatdan osoyishtalikni ta’minlashga katta urg‘u qaratiladi. Masalan, o‘tgan Ramazon oyi va hayit kuni diniy idorada shtab tuzilib, masjidlarda tunu kun navbatchiliklar tashkil etildi. Natijada, ulug‘ ayyom kunlarini tinch-osuda o‘tishiga erishildi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, ayni kunlarda ham masjidlarning texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi, issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tizimlarini navbatdagi nazoratdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlarga mahalliy hokimliklar vakillari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari kabi tashkilotlar mutaxassislaridan iborat hududiy ishchi guruhlari jalb etilgan.

“O‘rganishlar davomida belgilangan talablarga javob bermaydigan ayrim masjidlardagi issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlashdagi kamchiliklar qisqa muddatlarda bartaraf etilib, issiqlik va tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanmoqda”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, idora fuqarolardan ham mana shunday profilaktik tadbirlarni to‘g‘ri tushunib, olib borilayotgan ishlarda hamjihat bo‘lishlarini iltimos qilgan. 

“Zero, mana shunday chora-tadbirlardan maqsad fuqarolarimiz ibodat qilishi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratishdir”, deyiladi idora xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, 31 mart kuni soat 12:19 da “Mirzo Ulug‘bek” MFY hududida joylashgan “Ahmadali hoji” jome masjidida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgani haqida Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgandi. Zudlik bilan aytilgan manzilga 2 ta qutqaruv otryadi va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. hodisa sodir bo‘lgani xabar qilinganida vodiyda bo‘lib turgan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Botir Qudratxo‘jayev Izboskan tumaniga yetib borgandi. Keyinroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar ham voqea joyiga jo‘nab ketdi. Baxtsiz hodisa ortidan Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Qolaversa, ushbu gaz portlashi ortidan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi. Portlashda bino ichida bo‘lgan 10 nafar shaxs turli darajada tan jarohati olgan va 3 nafar shaxs voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Maqola muallifi

Teglar

masjid portlash Ahmadali hoji

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing