Ana xolos! AQSH Rossiyaning $643 mlrd zaxirasini muzlatmoqchi
Olam
−
26 fevral 2022 16984 3 daqiqa
AQSH mamlakatning oltin-valyuta zaxiralarini boshqaruvchi Rossiya banki (Markaziy bank) ga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Zaxiralar hajmi 643 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda “Bloomberg” yozmoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Vashingtonning maqsadi Rossiya uchun 643 milliard dollarlik zahiralarni muzlatishdir. Mamlakat bu mablag‘larni Ukrainada 24 fevralda boshlangan harbiy operatsiya oldidan “to‘plagan”.
Hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Biroq, Jo Bayden ma’muriyati Putinni Ukrainadagi operatsiyasini davom ettirishdan qaytarish yo‘llarini izlashda davom etmoqda, deydi manbalar.
Urushning dastlabki ikki kunida Markaziy bank sanksiyalar ostida qolgan rubl va Rossiya banklarini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 milliard dollar sarflagan. Birgina birinchi kunning o‘zida rublning qadrsizlanishini to‘xtatish uchun 2 milliard dollar sarflangan.
Avvalroq G‘arb davlatlari Rossiyani SWIFT xalqaro banklararo tizimdan uzish borasida yakdil fikrga kelgani haqida xabar bergan edik.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
Barchasi