Amerikalik qonunchilar Qoraqalpoqdagi namoyishlar yuzasidan Kongressga hisobot kiritadi
Olam
−
11 iyul 2022
11641Amerika qonun chiqaruvchilari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan AQSH Kongressining barcha senatorlar va kongressmenlar ofislariga tarqatiladigan rasmiy hujjat taqdim etadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekitonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobov Qoraqalpog‘istondagi vaziyat, shuningdek, hukumatning hududda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari to‘g‘risida xolis axborot taqdim qilish maqsadida AQSH Kongressi a’zolari bilan videokonferensiya shaklida qator muzokaralar o‘tkazgan.
AQSH Kongressi tashqi ishlar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mitaning hamraisi, kongressmen Stiv Chabot Qoraqalpog‘istondagi voqealarning asl sabablari va hukumatning hududdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rgan chora-tadbirlari haqidagi batafsil ma’lumot uchun minnatdorlik bildirgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning keng qamrovli oshkora va ishonchli surishtiruv o‘tkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishlashini ta’kidlagan.
Kongressmen Stiv Chabot AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” a’zosi va Markaziy Osiyo bo‘yicha kichik qo‘mitaning hamraisi sifatida Qoraqalpog‘istondagi mavjud vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va rasmiylarning uni barqarorlashtirish bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
“Yaqinda mamlakat boshiga tushgan ushbu sinov porloq kelajak uchun yangi boshlang‘ich nuqtaga aylanishiga ishonchim komil”, dedi Kongressdagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” a’zosi, 2021 yil oktyabr oyida Amerika qonun chiqaruvchilari delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonda bo‘lgan, Nebraska shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Don Bekon.
O‘zbekiston elchixonasi ma’lum qilishicha, amerikalik kongressmenlar muloqot yakunida AQSH Kongressiga Kongressning barcha senatorlar va kongressmenlar ofislariga tarqatiladigan rasmiy hujjati – “Congressional Record”ni taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Ularning fikricha, ushbu rasmiy ma’lumot hududdagi voqealar haqida xolis axborot yetkazish nuqtai nazaridan Kongressning barcha a’zolari uchun foydali bo‘ladi.
Bundan tashqari, kongressmenlar Qoraqalpog‘iston to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ushbu hujjatga kiritilishi Kongress a’zolari o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha hamfikrlikni ifodalashini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi