AQSH O‘zbekistonni Rossiya bilan savdo masalasida alohida ro‘yxatga kiritdi

Olam

image

AQSH Moliya vazirligi O‘zbekistonni sanksiya qo‘yilgan tovarlarni Rossiya va Belarusga olib kirish uchun “transport punktlari” ro‘yxatiga kiritdi.

Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash tarmog‘i hamda Moliya vazirligining Sanoat va xavfsizlik byurosi ba’zi hollarda nazorat qilinadigan tovarlar qonuniy ravishda tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida eksport qilinishi mumkinligi haqida izoh bergan. Biroq, ushbu mahsulotlarni kelgusida Rossiya va Belarusga qo‘shimcha “transport punktlari” hisobidan jo‘natish taqiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi “transport punktlari” ro‘yxatiga kiritildi. Bundan tashqari,  ro‘yxat Armaniston, Braziliya, Gruziya, Hindiston, Isroil, Xitoy, Meksika, Nikaragua, BAA, Serbiya, Singapur, Tayvan, Turkiya va Janubiy Afrikani o‘z ichiga olgan. Biroq, ro‘yxat faqat bu davlatlar bilan cheklanmaydi, deyiladi Moliya vazirligi sharhida.

Sanoat va xavfsizlik byurosining ta’kidlashicha, harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan uskunalar, xususan, samolyot qismlari, gidroakustik tizimlar, spektrofotometrlar, GPS tizimlari va boshqa mahsulotlar bu masalada “alohida tashvish uyg‘otadi”.

Qayd etish joizki, 17 ta davlatdan iborat ushbu ro‘yxat ularning reyeksportga aloqadorligini bildirmaydi, biroq “eksport bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalar yanada chuqurroq tekshirilishi” shart.

Ma’lumot uchun, AQSH va Yevropa davlatlari qator tovarlar, jumladan, yuqori texnologik uskunalar, neft-gaz sanoatida foydalaniladigan hamda harbiy sohani rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan vositalarni Rossiyaga yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Savdo vazirligi to‘qqiz mamlakatning 36 kompaniyasini Rossiya harbiy va mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Ularning orasida O‘zbekistondan ham bir kompaniya qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-O'zbekiston

Baholaganlar

578

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing