Aliment to‘lashdan qochib yurgan ota to‘yxonada ushlandi
3-sahifa
−
18 mart
3671Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, sudning 2020 yil iyul oyidagi buyrug‘i bilan qarzdor ota A.Q. aliment to‘lashi belgilangan bo‘lsa-da, u yillar davomida yig‘ilib qolgan qariyb 36 million so‘m mablag‘ni to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Bu qilmishi uchun unga o‘tgan yil avgust oyida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Bu jazodan ham tegishli xulosa chiqarmagan qarzdor ota aliment pulini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgani uchun MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, surishtiruv va tergov harakatlarini boshlagan.
Bildirilishicha, bolasiga aliment to‘lamaslik maqsadida MIBdan yashiringani uchun unga qidiruv e’lon qilinib, ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada qarzdor ota ukasining nikoh to‘yida qo‘lga olingan.
“U Termiz shahridagi muhtasham to‘yxonalardan birida dimog‘i chog‘ o‘tirganida topilib, ushlandi. Bu qilmishidan pushaymon bo‘lgan A.Q. qonunda belgilangan javobgarlik muqarrarligini anglagan holda yig‘ilib qolgan aliment qarzdorligini to‘liq to‘lashga majbur bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart