Aliment to‘lovchilarga chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aliment to‘lovchilarga ham chetga chiqib ishlashga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, o‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 ming murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va “mahalla yettiligi” oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilingan.

Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar 2 karra kamayishi mumkinligi qayd etilgan.

Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratilgan. Lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayapti, chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak.

Mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritish topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aliment videoselektor yig'ilishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing