AQSHning muvaffaqiyatsizligi va BMTning zaifligi. BRICSning G‘azo bo‘yicha sammitida nimalar muhokama qilindi?
Olam
−
22 noyabr 2023
7073Kecha, 21 noyabr kuni BRICS’ga a’zo davlatlar (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) va tashkilotga yangi taklif etilgan Saudiya Arabistoni, Argentina, Misr, Efiopiya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlarining G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari onlayn formatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Uchrashuv ishtirokchilari o‘xshash pozitsiyalarni bildirdi, biroq ularning har biri muammoning o‘ziga xos jihatini ta’kidladi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Amerika siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytgan bo‘lsa, uning braziliyalik mavqedoshi Luic Inasiu Lula da Silva Yaqin Sharqdagi vaziyat BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligini ko‘rsatishini aytdi, Eron va Saudiya Arabistoni vakillari Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi.
Vashingtonning qo‘li
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tarix AQSHning Falastin-Isroil mojarosini yakka o‘zi hal qilishga urinishlarining nochorligi va samarasizligini ko‘rsatgan.
“Oqibatda falastinliklarning bir necha avlodi o‘z xalqiga nisbatan adolatsizlik muhitida tarbiyalanmoqda va isroilliklar o‘z davlati xavfsizligini to‘liq kafolatlay olmayapti", degan Putin.
Uning ta’kidlashicha, Falastin-Isroil mojarosi geografiyasining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqada dinlararo tinchlikni saqlash muhim.
"Rossiyaning pozitsiyasi izchil va opportunistik emas. Biz xalqaro hamjamiyatni vaziyatni yaxshilash, o‘t ochishni to‘xtatish va Falastin-Isroil mojarosiga siyosiy yechim topishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarga chaqiramiz", degan Putin.
Uning fikricha, bunda BRICS davlatlari asosiy rol o‘ynashi mumkin.
O‘zaro javobgarlik
O‘z navbatida, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa Isroilning harakatlari xalqaro huquqni ochiqdan ochiq buzish ekanini aytgan, biroq HAMAS ham xalqaro huquqni buzganini va tinch aholiga qilingan hujumlar va odamlarni garovga olish uchun “javob berishi” kerakligini ta’kidlagan.
Ramafosa G‘azodagi azob-uqubatlarga chek qo‘yish va adolatli va tinch yechim yo‘lini ochish uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirgan. Bu chora-tadbirlar orasida o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yo‘laklarni ochish kiradi.
Bundan tashqari, Ramafosa otashkesimni kuzatish uchun Falastinga BMTning tezkor harakat kuchini yuborish va Xalqaro Jinoyat Sudi zudlik bilan urush jinoyatlari uchun javobgarlarni ta’qib qilishni boshlashi kerakligini aytdi.
Falastin davlati masalasi
Xitoy rahbari Si Szinpinning fikricha, hozirgi mojaroning sababi Falastin xalqining davlat qurish, mavjud bo‘lish va o‘z yerlariga qaytish huquqlari uzoq vaqt davomida e’tibordan chetda qolayotganida yotadi.
“Vaziyatdan chiqish yo‘li ikki davlat qarorini amalga oshirishdir", degan Si Szinpin.
BMTning roli
Braziliya Prezidenti Lula da Silvaning aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha rezolyutsiyalarni tezda qabul qila olmasligi bu organning vakolatini shubha ostiga qo‘yadi va uni isloh qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisi ham BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektorida tinchlik va barqarorlikni kafolatlash orqali o‘z missiyasini bajara olmasligini ta’kidladi.
Falastinliklarni qayta joylashtirish
O‘z navbatida, Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi BRICS sammitida Qohira falastinliklarni G‘azo sektoridan majburan ko‘chirish ssenariysini rad etishini aytdi.
“Misrning o‘zi uchun ustuvor vazifa Isroilning Falastin anklavidagi agressiyasini to‘xtatish va G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatishdir”, deydi u.
Isroilni boykot qilish
Raisiy BRICS mamlakatlari Isroil bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlikni to‘xtatishini kutmoqda. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud ham Isroilga qurol eksportini to‘xtatishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgandan beri G‘azoda 13 mingdan ortiq, Isroilda 1,4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Mojaroga yechim izlash bir qancha sammitlarning asosiy mavzusi bo‘ldi. Ar-Riyodda Arab Davlatlari Ligasi va Islom Hamkorlik Tashkilotining favqulodda qo‘shma sammiti, Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an boshchiligida o‘tgan “Falastin uchun yagona yurak” birinchi xonimlar sammiti shu maqsadda chaqirildi. Ostonada o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti va Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik kengashining 16-sammitida ham shu mavzu ko‘tarildi.
LiveBarchasi