AQSHning 46-Prezidenti Jo Bayden kim? U nimalar qilmoqchi?
Tahlil
−
08 noyabr 2020
52663AQSHda 3 noyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovi natijasiga ko‘ra, Demokratik partiya vakili, 77 yoshli Jo (Jozef) Bayden mamlakatning 46-Prezidenti etib saylandi. Dunyoning eng qudratli davlatiga rahbar bo‘lgan Bayden kim? Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.
AQSHning 46-Prezidenti Jo Bayden
Bayden 35 yil davomida AQSHning Delaver shtatidan senator bo‘lib kelgan va Amerikaning 44-Prezdenti Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo‘lgan. Jozef Demokratik partiyaning eng obro‘li va tajribali vakillaridan biri hisoblanadi. 2021 yil 20 yanvarda inauguratsiya vaqtida Bayden 78 yoshda bo‘ladi va AQSH tarixidagi eng yoshi ulug‘ davlat rahbariga aylanadi.
Koronavirusga qarshi kurash Baydenning asosiy maqsadlaridan biri
Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri Jo Bayden ko‘p bora mamlakat aholisiga murojaat qildi va virus qurboni bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bugungi kunda AQSHda COVID-19 asoratlaridan 225 000 odam vafot etgan.
Baydenning bu masalaga doir bayonotlari AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trapmning qarashlariga mutlaqo zid. Tramp o‘zi koronavirusga chalindi va shifoxonadan Oq uyga qaytgach, bu kasallikdan qo‘rqish kerakmasligini aytdi.
Jo Bayden amerikaliklarni doim tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofaga amal qilishga chaqirib, zararlanish xavfiga jiddiy qarash kerakligini aytib kelyapti. U Oq uyga kelgach, birinchi kundan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashning uzoq muddatli dasturini taqdim qilmoqchi. Shuningdek, niqob taqishni federal darajada majburiy qilish niyati ham bor.
Baydenning shaxsiy hayotidagi og‘ir yo‘qotishlari
Jo Bayden turmush o‘rtog‘idan ayrilish va farzandini qabrga qo‘yish nima ekanini tasavvur qilibgina qolmay, buni o‘z boshidan o‘tkazgan. Oilasidagi fojia sabab u hatto siyosiy karerasini tugatishiga ham oz qolgan.
Bu 1972 yilda yuz bergan. Sirakuz universiteti bitiruvchisi Bayden o‘shanda 29 yoshda edi. U tajribali respublikachi siyosatchi Jeyms Kalebu Boggsga qarshi Delaver senatorligi uchun nomzodini qo‘ygan.
Saylovoldi byudjeti haddan tashqari kam ekaniga qaramay, u g‘alaba qozongan. Biroq oradan bir necha hafta o‘tgach, yosh siyosatchining hayotini butkul o‘zgartirib yuborgan fojia yuz berdi: uning xotini Neliya va ularning qizi Naomi avtohalokatda vafot etdi. Ularning o‘g‘illari Bo va Xanter jiddiy jarohat oldi.
30 yoshli senator
Oilasidagi judolik sabab Bayden senator lavozimidan bosh tortishni xohlagan, biroq yakunda uni bu niyatidan qaytishga ko‘ndirishgan. U o‘g‘illari davolanayotgan shifoxonada qasamyod qabul qilgan. Yosh senator har kuni poyezdda Delaverdan Vashingtongga borib keladigan bo‘lgan. Uning singlisi Valeri bolalarga qarab turish uchun uning uyiga kelgan. U 1977 yilda akasi hozirgi turmush o‘rtog‘i Jill Jeykobs bilan oila qurguncha, uning uyida yashagan. Tez orada Baydenning qizi Eshli dunyoga kelgan.
Biroq Baydenning hayotidagi yo‘qotishlari shu bilan tugamadi. U 2015 yilda Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo‘lib, u bilan kam daromadli millionlab odamlarning tibbiy xizmatdan foydalana olishiga imkon beruvchi qonun ustida ishlay boshladi. Shu vaqtda uning katta o‘g‘li Bo miya saratonidan vafot etdi. Buning ortidan 2016 yilda AQSH Prezidentligi uchun nomzodini ilgari surishni maqsad qilgan Bayden bu niyatidan qaytdi.
“Sust Jo”ning davri keldi
Shunga qaramasdan, oradan to‘rt yil o‘tgach Bayden AQSHning yangi Prezidenti bo‘ldi. Missuri universiteti professori Mitchell MakKinnining ta’kidlashicha, demokratlar tajribali Baydenni yosh siyosatchilardan ustun ko‘rishining hayron qolarlik yeri yo‘q. U Baydenni aqli raso, barqaror va sezgir siyosatchi deb atagan. Bir so‘z bilan aytganda raqibini “sust Jo” deb atovchi Trampdan keskin farqlanadi.
Bayden hamkasblari bilan qarashlari turfa bo‘lsa ham ular bilan til topisha olishi bilan mashhur.
“U Kongressda ko‘p yil ishlagan va barcha bilan murosaga kela oladi. Vashingtonda Jo Baydenni haqiqatan yoqtirmaydigan odamni topish qiyin. U ko‘p yillar Kongressda respublikachilar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilgan yoqimli, do‘stona inson sifatida obro‘ga ega”, deya ta’kidlaydi siyosatshunos, Texas universiteti professori Ostin Bryus Byukenen.
Saylovlardan oldin bir nechta respublikachi senatorlar Bayden g‘alaba qozonsa, u bilan ishlashga tayyor ekanini ham bildirgan.
Baydenning maqsadi Amerikani birlashtirish
Jo Bayden hozirda ziddiyatlar girdobida qolgan Amerikani birlashtirmoqchi.
“Agar menga prezidentlikni ishonsangiz, men bizning yomonligimizni emas, faqat yaxshiligimizni ko‘rsatishga harakat qilaman, men yorug‘likning ittifoqchisi bo‘laman, zulmatning emas. Barchamiz uchun birlashish vaqti keldi”, degan Bayden 20 avgust kuni Demokratlar partiyasidan nomzodlik nominatsiyasini qabul qilib olish marosimida.
Bayden millionlab yangi ish o‘rinlari yaratishga va’da berdi. Buning uchun zarur investitsiya Donald Tramp tomonidan boylarni soliqqa tortishda joriy qilingan imtiyozlarni bekor qilish hisobiga shakllantirilishini ta’kidladi.
AQSHning yangi Prezidenti iqlimni himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratmoqchi. Tramp global isish inson faoliyati mahsuli ekaniga shubha bildirib keladi. Bayden esa 2050 yilgacha AQSHni to‘laligicha qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishini ta’minlamoqchi.
U AQSHni Parij iqlim kelishuviga qaytarish niyatida. U Oq uyga kelgach, birinchi bo‘lib bajaradigan ishlari ro‘yxatiga kiritgan.
Bundan tashqari, u immigratsiya siyosatini ham yumshatish niyatida. U musulmon davlatlarga immigratsiya uchun qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqchi. Shuningdek, AQSHning JSSTda qolishi tarafdori va ishga kirishgach, Tramp bu to‘g‘ridagi qarorini bekor qilish niyatida.
Bayden Kreml uchun qanday siyosat tayyorlayapti?
Baydenning tashqi siyosatga aloqadaor qarashlari ham yaxshi ma’lum. Uning bu boradagi asosiy va’dasi – AQSH yetakchiligining dunyo arenasidagi munosib hurmatini tiklash. Qo‘shma Shtatlarning Germaniyadagi Marshall fondi eksperti Bruno Letening ta’kidlashicha, Bayden uchun qadriyatlar aspekti NATOdagi hamkorlikka “sen – menga, men – senga” prizmasi orqali qarovchi Trampdan ancha muhimroq.
Lete Bayden AQSHning Rossiya bilan aloqalarini rivojlantirish borasida ko‘plab umidsizliklarni boshdan kechirganini eslatib o‘tgan. U vitse-prezident bo‘lganida o‘sha vaqtdagi Davlat kotibi Xillari Klinton 2009 yilda Moskva bilan munosabatlarning yangi bosqichini boshlash niyatida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan “qayta yoqish” tugmasiga bosdi. Bayden esa AQSHning Rossiyaga do‘stlik qo‘lini uzatishga bo‘lgan urinishi muvaffqiyatsiz yakunlanganini ko‘rgan.
Vashingtondagi Xans Zaydel nomidagi jamg‘armaning bo‘lim boshlig‘i Kristian Forstner Bayden Prezident bo‘lgan davrda ham AQSHning Rossiya bilan munosabatlari o‘zgarmaydi degan fikrda.
“AQSHda Moskvaga ishonch juda past. Kongress ham, Senat ham, respublikachilar-u demokratlar birdek Rossiyaga qarshi siyosatni qattiqlashtirish tarafdori. Bu Ukraina, Gruziya va boshqa sabablar bilan aloqador”, deya tushuntirgan ekspert.
Shuning uchun, Bayden Moskvaga nisbatan biror o‘zgarish qilishni xohlasa ham “qo‘llari bog‘liq” bo‘lishi mumkin.
Korrupsiyada ayblanishi va salomatligi bilan bog‘liq muammolar
Ukraina Bayden uchun ham alohida ahamiyatga ega. U Obama ma’muriyatida Ukraina bilan munosabatlarga javobgar bo‘lgan. Boshqa tomondan Bayden shu sababdan korrupsiya mojarosi markaziga tushib qoldi. 2014 yilda uning o‘g‘li Xanter Bayden Ukrainaning gaz qazib oluvchi “Burisma” kompaniyasi kuzatuv kengashiga kirdi.
Ilgari gaz biznesi bilan aloqador bo‘lmagan va “Burisma”da yuqori maosh oladigan (OAV ma’lumotiga ko‘ra, oyiga 50 ming dollargacha) Baydenning qarori AQSHda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi sababli tanqidlarga uchradi.
Katta Bayden esa Ukraina rahbariyatiga o‘sha vaqtda “Burisma”ga qarshi surishtiruv boshlagan Bosh prokuror Viktor Shokinning lavozimidan olinishi uchun bosim o‘tkazishda gumon qilingan. Jozef Bayden o‘z navbatida bunday ayblovlarni inkor qiladi.
23 sentyabr kuni respublikachi senatorlar Ron Jonson va Chak Grassli Xanter Baydenning shubhali bitimlari haqida hisobotni e’lon qildi. Hujjatda kichik Baydenning “Burisma”dagi faoliyati bilan bog‘liq millionlab pul o‘tkazmalari ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, hisobotda u Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqador shaxslardan, shuningdek, Moskva sobiq meri Yuriy Lujkovning bevasi Yelena Baturinadan katta miqdordagi pullarni olganiga da’vo qilingan.
Jo Bayden tanqidchilari uning yoshi va salomatligi bilan bog‘liq ehtimoliy muammolar haqida eslatishdan ham to‘xtamaydi. 77 yoshli siyosatchi tez-tez ommaviy chiqishlar vaqtidagi nutqi davomida chalkashib ketadi, so‘zlarni tushunarsiz talaffuz qiladi va g‘alati bayonotlar beradi. Masalan, 2020 yil martda Los-Anjelesda saylovchilar bilan uchrashuvda singlisi Valerini tanishtirib, qo‘li bilan yonida turgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rsatgan. Bu holatdan uning siyosiy raqiblari foydalanib, Baydenda qarilik demensiyasi boshlanganini aytib, uning obro‘sini tushirishga urinadi.
Baydenning oilasi
Jozef Robinett Bayden 1942 yil 20 noyabrda Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida tug‘ilgan. Amerikalik davlat arbobi, siyosatchi.
Bayden 2009 yil 20 yanvardan 2017 yil 20 yanvargacha AQSHning 47-vitse-prezidenti bo‘lgan. Vitse-prezident bo‘lgunicha 1973 yildan 2009 yilgacha Delaver shtatidan senator bo‘lgan.
Otasi katta Jozef Robinett Bayden (1915-2004) va onasi Ketrin Yujiniya Finnegan (1917-2010). Uning onasi turli ma’lumotlarga ko‘ra, Irlandiya Respublikasidagi Laut grafligidan yoki hozirda Shimoliy Irlandiyadagi Derri grafligidan bo‘lgan. Bayden ota tomondan Angliyaning Sasseks grafligi bilan bog‘lanadi. Baydenning bobosining bobosi Uilyam Bayden Qo‘shma Shtatlarga emigratsiya qilgan. Baydenning katta bobosi Edvard Blyuitt Pensilvaniya Senati a’zosi bo‘lgan. Uning ikki ukasi – Jeyms Brayan va Fransis hamda bitta singlisi – Valeri Ouens bor.
Jo Bayden Uilmingtondagi Muqaddas Yelena maktabida, keyin Delaver shtatidagi Kleymont shahridagi Archmer akademiyasida o‘qigan. U Delaver universitetida ham tahsil olgan hamda 1956 yilda tarix va siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. 1968 yilda Bayden Nyu-Yorkda Sirakuz universitetiting yuridik maktabini huquq doktori darajasi bilan tamomlagan. Huquq doktori biz odatlangan magistratura bosqichi bilan teng. U fan doktori degani emas.
Bayden bolaligida qattiq duduqlangan, ammo uning nutqi 30 yoshga yetganida yaxshilangan. Bayden oyna oldida she’r o‘qib, nutqini yaxshilashga muvaffaq bo‘lganini aytgan.
U alkogolli ichimlik ichmaydi. “Mening oilamda ichkilikka ruju qo‘yganlar yetarlicha”, degan u.
Muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyasi
Bayden Afg‘onistondan Amerika harbiylarini zudlik bilan chiqarish tarafdori. U saylov kampaniyasi vaqtida Prezident bo‘lsa, darhol “Tolibon” bilan muzokaralar boshlashini aytgan.
Shu bilan birga siyosatchi boshqa “qaynoq nuqta”larda AQSHning minimal darajadagi harbiy kontingentini qoldirish tarafdori. Shuningdek, Sharqiy Yevropada Rossiyaga qarshilik ko‘rsatish uchun NATOni saaqlab qolish kerak deb hisoblaydi.
Bayden Eron bilan tuzilgan yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni saqlab qolish tarafdori. U AQSH Eron bu kelishuv shartlariga amal qilishiga erishishi kerak deb hisoblaydi.
Bayden Rossiya va Xitoy tomonidan bo‘ladigan kiberhujumlarga qarshi turish uchun tizimni takomillashtirish va modernizatsiya qilish kerakligini aytgan.
Shuningdek, Tramning soliq siyosati o‘rta sinfni bo‘g‘adi deb hisoblaydi va yuqori daromadli odamlarga berilgan soliq imtiyozlarini yo‘q qilish niyatida.
LiveBarchasi