Tramp nimasi bilan AQSH va dunyo tarixida qoldi?
Tahlil
−
03 noyabr 2020
32601Donald Trampning Prezidentlik muddati yakunlanmoqda. Bugun, 3 noyabr kuni AQSHda Prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tayapti. Shu o‘rinda, yodga olish muhim, Tramp to‘rt yil davomida nimasi bilan esda qoldi?
Donald Tramp 2016 yilda bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan yirik biznesmen. 2020 yilda u yana saylovlar poygasida ishtirok etyapti. Agar u g‘alaba qozonsa, Tramp so‘ngi marta Prezident bo‘ladi, agar mag‘lub bo‘lsa, ikkinchi muddatdan quruq qoladi.
Shtatlarda nimalar bo‘ldi?
2016 yilda Tramp, avvalambor, amerikaliklar uchun AQSHda hamma imkoniyatlar bo‘lishi kerak, degan g‘oyani faol ravishda ilgari surdi. U shtatlarda fuqarolarning hayotini yaxshilash, biznesni rivojlantirish va ish o‘rinlari yaratishdan manfaatdor edi. Darhaqiqat, ishsizlik past darjada bo‘ldi — 2019 yilda - 3,7 foiz (50 yil ichida eng past ko‘rsatkichlardan biri).
Tramp boshqaruvi davrida Qo‘shma Shtatlar atrof-muhitni muhofaza qilishni nazarda tutadigan Parij kelishuvidan chiqdi. Kelishuv shartlarining shtatlar uchun noqulayligi bunga sabab qilib ko‘rsatilgan edi. Xususan, iqtisodiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, 2025 yilga kelib shartnoma shartlarining bajarilishi, shu jumladan, energetika sohasidagi cheklovlar Qo‘shma Shtatlarga qariyb 2,7 million ish o‘rnini qisqartirishga olib kelishi mumkin ekan. Bu Trampning saylovoldi va’dalariga to‘g‘ri kelmasdi.
Immigratsiya siyosati esa Donald Trampning tashrif qog‘oziga aylandi. Donald Tramp Prezidentlik davrining boshidanoq AQSHga muhojirlarni qabul qilishga cheklovlar qo‘yishni boshladi. Shu yo‘l bilan Amerikani ximoya qilmoqchi bo‘ldi, shekilli! Tramp jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan noqonuniy muhojirlarni ommaviy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish, Meksika bilan chegarada devor qurishni boshlash va muhojirlarni federal organlarga topshirishdan bosh tortgan shaharlarni moliyalashtirishdan quruk qoldirishni nazarda tutuvchi immigratsiya va chegarani qo‘riqlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Donald Tramp davrida “grin karta”larni ham berishga cheklovlar qo‘yildi.
Bir yil oldin demokratlar Trampga nisbatan impichment tartibini qo‘llashgan edi. Trampning Senatdagi sudi 12 kun davom etdi (22 yanvar - 5 fevral), ammo bu jarayonlarning hech biri prezidentning iste’fosiga olib kelmadi, har safar Senat oqlov hukmini chiqardi.
Tashqi siyosat
“Amerika birinchi o‘rinda” — Tramp davridagi AQSH tashqi siyosatining shioriga aylandi. Tramp Prezident sifatida ishga kirishgan dastlabki kunidayoq zudlik bilan Qo‘shma Shtatlarning Trans-Tinch okeani sherikligidan chiqishi to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Trans-Tinch okeani sherikligi — maqsadi tarif to‘siqlarini kamaytirish, shuningdek, mehnat qonunchiligi, atrof-muhit, intellektual mulk va boshqa bir qator sohalarda ichki qoidalarni tartibga solishdan iborat bo‘lgan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 12 mamlakati o‘rtasidagi savdo shartnomasi.
Prezidentligi boshlanganidan beri Tramp tashqi siyosatda AQSHning “global majburiyatlarini” qayta belgilashga qaratilgan qator qarorlarini qabul qildi. Xususan, Suriyaning ayrim qismlaridan AQSH qo‘shinlarini olib chiqib ketish, AQSHning “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi” bo‘yicha Eronning yadro dasturidan chiqish, o‘rta va uzoq masofalarga uchadigan raketalar bo‘yicha shartnomani bekor qilish hamda YUNESKOni tark etish kabi qarorlar qabul qildi. JSST(Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti)ni tark etish tomon ham dadil qadamlar tashladi va katta ehtimol bilan AQSH kelasi yilning yozida bu tashkilotdan chiqadi.
OAVda Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘rtasida juda yaxshi munosabatlar paydo bo‘lib, bu ikki tomonlama iliq yozishmalar bilan davom etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘pchilikni hayron qoldirgan edi.
Xitoy bilan munosabatlar
Tramp boshchiligida AQSHning Xitoy bilan munosabatlari faqat yomonlashdi. Xitoy kompaniyalarning AQSHda ishlashini taqiqlash, sanksiyalar qo‘llash, AQSHdagi Xitoy elchixonalarini yopish orqali Donald Tramp Xitoy bilan savdo urushi olib bordi. Ammo pandemiya boshlanganidan so‘ng, AQSH Prezidentida XXRni yoqtirmaslik uchun yangi sabab paydo bo‘ldi. U bir necha marotaba koronavirus tarqalishida Xitoyni ochiqchasiga aybladi.
To‘g‘ri AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlar Trampdan oldin ham mavjud edi, ammo Tramp davrida bu tendensiya yanada jadallashdi.
Ilgari Xitoy Qo‘shma Shtatlarning birinchi savdo hamkori bo‘lgan bo‘lsa, endi uchinchi o‘ringa tushib qoldi. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yakuniga bo‘yicha Meksika AQSHning asosiy savdo sherigiga aylandi (savdo aylanmasi - 614 milliard dollar), undan keyin Kanada (612 milliard dollar), Xitoy esa uchinchi o‘rinni egalladi (558 milliard dollar yoki AQSH butun savdo aylanmasining 13.5 foizi).
Trampning ovoza bo‘lgan qarorlaridan biri – AQSHda Xitoyning TikTok dasturini taqiqlash edi.
Rossiya — chetda qarab turibdi...
2016 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonishda Trampga Rossiya hakkerlari, ishbilarmonlari va biznes hamkorlari bilan yordam berganligi to‘g‘risida ko‘plab ayblovlar yangradi, biroq bu nafaqat Kreml va Tramp tomonidan rad etildi, balki o‘z isbotini topmadi.
2016 yilgi saylov kampaniyasida Tramp ko‘pincha Putin haqida ijobiy fikrlar bildirgan va hatto sanksiyalarni bekor qilishni xohlagan edi, ammo oxir-oqibat u buni qilmadi.
Joriy saylovlar davrida esa:
2020 yil avgustida Tramp Rossiya uni ikkinchi muddatga qayta saylanishini istamasligini e’lon qildi.
“Rossiya AQSH prezidenti sifatida ko‘rishni istagan oxirgi odam bu Donald Tramp. Chunki hech kim Rossiyaga men kabi sovuq munosabatda bo‘lmagan”, degan edi Tramp.
Jo Bayden Trampning Rossiyaga qarshi tura olmasligiga ishora qilib, uni “Putinning kuchukchasi” deb atashga ham ulgurdi.
Ukraina mojarosi
2019 yilda Ukraina bilan ham ziddiyat vujudga keldi. Bu Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng sodir bo‘ldi. Tramp Ukraina bilan yaqin aloqada bo‘lgan Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanter haqida ayblov faktlarini yetkazishda yordam berishi uchun ukrainalik hamkasbiga bosim o‘tkazishga urinib ko‘rgan va buning evaziga moliyaviy va harbiy yordam ham va’da qilgan edi.
Biroq Ukraina hukumatiga ko‘rsatilayotgan bosim haqidagi ma’lumotlar - AQSH razvedka qo‘mitasining noma’lum xodimi hisoboti tufayli ma’lum bo‘ldi.
Koronavirus
Koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarda qat’iy cheklovlar qo‘yishga shoshilmadi va virusga ko‘p e’tibor bermadi. Amerikaliklar bunaqa munosabatdan unchalik mamnun emas edilar. Buning natijasida virus butun mamlakat bo‘ylab juda katta tezlikda tarqaldi va Amerika Qo‘shma Shtatlari kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi(9 milliondan ortiq).
Donald Trampning o‘zi va xotini ham COVID-19 bilan kasallandi va kasalxonaga yotqizildi. Qo‘shma Shtatlar rahbariga eksperimental muolaja qilindi va uch kundan so‘ng Tramp Oq uyga qaytdi. Tramp kasalxonada uzoq vaqt qololmasdi ham.
Prezidentlik uchun Donald Trampda Jo Bayden bilan imkoniyatlar teng. Biroq, so‘nggi so‘rovlarga ko‘ra Tramp Baydendan o‘zib ketishi mumkinligi aytilmoqda.
Farruxjon Murodqulov
LiveBarchasi