Tramp yo Bayden: dunyo Oq uyda kimni ko‘rmoqchi?
Tahlil
−
02 noyabr 2020
15385Tramp yo Bayden? Oq uy kimga nasib qiladi? Ertaga, 3 noyabrda amerikaliklar o‘zining kelgusi to‘rt yilini belgilaydi! Demokratiya qo‘riqchisi sifatida namoyon bo‘luvchi AQSHda prezindentlik saylov tizimi qanday tuzilgan? Agar Tramp yutqazsa, buni tan olishdan bosh tortadimi? Dunyo kimning g‘alabasini kutmoqda? Shu mavzu doirasida batafsil suhbatlashamiz!
Saylovga bir kun qolganda so‘rovnomalarga ko‘ra, demokratlardan bo‘lgan Jo Bayden 52 foiz bilan 43 foiz to‘plagan amaldagi davlat rahbari Donald Trampni ortda qoldirmoqda. Oradagi farq yetarlidek tuyulsada, bu Baydenning g‘alabasini hech ham kafolatlamaydi! Masalan, 2016 yildagi saylovlarda Donald Tramp raqibi Hillari Klintondan deyarli 3 million ovoz ortda qolganligiga qaramasdan g‘olib bo‘lgan edi. Ho‘sh, qanday qilib?
Eng chigal tizim
AQSHda Prezident saylovi tizimi juda murakkab tuzilgan. Bu tizim O‘zbekiston va boshqa ko‘plab davlatlardagi saylov tizimidan tubdan farq qiladi. Har to‘rt yilda, noyabr oyining birinchi seshanbasida umumxalq saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda saylovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezident va vitse-prezidentga ovoz beradi. Umumxalq saylov natijalari, albatta, inobatga olinadi, biroq so‘ngi so‘zni “saylovchi kollegiyalar” aytadi ya’ni, 50 shtatning har biri va alohida Vashington Kolumbiya okrugining “saylovchi kollegiyalari” bergan ovozlar kelgusi 4 yilda “Oq uyning xo‘jayini” kim bo‘lishini belgilab beradi. “Saylovchi kollegiyalar”da 538 ta ovoz bor va Prezident bo‘lish uchun 270 ta ovozni to‘plash yetarli.
AQSH keksalarga qoldimi?
Shunday qilib o‘tgan prezidentlik umumxalq saylovida Donald Tramp raqibi Hillari Klintondan kam ovoz yig‘gan bo‘lsada, “saylovchi kollegiyalar”ning 304 ta ovozini to‘plab 70 yoshida AQSHning eng keksa Prezidentiga aylangan va 69 yoshida Prezident bo‘lgan Ronald Reygannig rekordini yangilagan edi. Omadi kelsa balki Bayden AQSH tarixidagi eng keksa Prezident bo‘lar, axir u 77 yoshda.
Mag‘lubning nutqi
Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylov tizimining muhim bosqichlaridan biri bu – hokimiyatni topshirish vaqtida mag‘lub bo‘lgan nomzodning g‘olibni tabriklovchi nutqi. Ushbu an’ana 1896 yilda Demokratlar partiyasidan nomzod Vilyam Jenkins Brayan o‘zining respublikachi raqibiga telegramma yuborganida boshlangan: “Men sizning g‘alabangizdan xabar topdim va sizga o‘z tabriklarimni yuborishga shoshildim. Biz Prezidentni tanlash qarorini Amerika xalqining qo‘liga topshirdik va uning so‘zi biz uchun qonundir”.
Shu-shu mag‘lubning tabrik so‘zi fuqarolik burchiga aylandi. Keyingi mag‘lub nomzodlar nutqlarini avval radioda, so‘ngra televizorda ijro etishdi. Bu jarayon ramziy ma’noni bildirsada, hokimyat – xalqning irodasi ekanligini ko‘rsatib turadigan xarakterga ega.
Tramp shunday nutq so‘zlashga tayyormikan? Shu yilning sentyabr oyida jurnalistning “agar yutqazsangiz, tinch yo‘l bilan hokimiyatni topshirasizmi?” degan savoliga “vaziyatga qaraymiz” deb javob bergan Donald Tramp an’anani davom ettiradimi? Ko‘ramiz, voqealar rivoji qiziq tus olmoqda!
Jahon hamjamiyati kanday fikrda, kim g‘alaba qilishini oldindan aytish deyarli ilojsiz! Lekin AQSH jahon siyosatidagi katta o‘yinchiligini hisobga olsak, dunyo kimning g‘alabasini kutayotgani hakida fikr yuritsa bo‘ladi.
Germaniya
Trampning ketishini intizorlik bilan kutayotgan Germaniyada o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra atiga 13 foiz nemislar Trampning g‘alabasini yoqlab ovoz bergan. Bunga bir qator sabablar mavjud. Xususan, AQSH va Yevropa ittifoqi doirasidagi Transatlantik savdo va sarmoyaviy sheriklik loyihasi Tramp kelguniga qadar rivojlanib kelgan bo‘lsa, 2016 yildan so‘ng teskari tus ola boshladi. Undan tashqari, Trampning AQSH qo‘shinlarining bir qismini Germaniyadan olib chiqib ketish to‘grisidagi qarori hamda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan jahon savdosi, qochoqlarga nisbatan siyosat, iqlimni himoya qilish va pandemiya sabab vujudga kelgan inqirozni bartaraf etish masalalari bo‘yicha qarama-qarshi fikrda ekanliklari ham bunga sabab bo‘lmoqda.
Buyuk Britaniya
“AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasida har doim siyosiy ziddiyatlar bo‘lgan. Lekin so‘nggi to‘rt yil ichida bu tendensiya, ayniqsa, muhim masalalarda yanada avj oldiʼʼ, deydi AQSHning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Lyu Lukens. Bu so‘zlar Tramp davrida AQSHning so‘ngi 4 yildagi Britaniya bilan bo‘lgan munosabatlarini tushunish uchun muhim signal.
Ikkinchi tomonga quloq tutaylikchi, qanday sado chiqar ekan
Boris Jonson hukumati ham ko‘proq Bayden bilan ishlash istagida. Bunga bir nechta sabablar bor. Xususan, demokratlardan bo‘lgan Bayden va Britaniya Bosh vaziri Jonson o‘rtasida Rossiya va Xitoy bilan kelasi aloqalar yuzasidan yakdillik mavjud. Bundan tashqari Baydenning AQSH Parij iqlim kelishuviga qo‘shilishi kerakligi to‘g‘risidagi fikri ham Jonson Hukumatiga ma’qul tushgan. Jonson Hukumatidagilar Baydenning g‘alabasi natijasida Britaniya va AQSH o‘rtasidagi savdo aloqalari qaytadan jonlanishiga amin.
Rossiya
Kremlga kimning g‘alaba qozonishi muhim emas. Kreml uchun kim Prezident bo‘lishidan qatiiy nazar, faol tashqi siyosat yurita olmasa va ko‘proq mamlakat ichki muammolari bilan ovora bo‘lib qolsa bas!
Shu o‘rinda, Bayden Rossiya AQSH uchun eng xavfli raqib ekanligi hamda Putin uning g‘alabasini istamayotganini aytib o‘tgan. O‘z navbatida, Tramp Baydenni Putindan pul olishda ayblagan bo‘lsa, Putin bunga izoh yo‘q deya munosabat bildirdi.
O‘zbekiston
O‘zbekiston va AQSHning iqtisodiy munosabatlariga statistika asosida nazar tashlasak bu saylovlar natijasining ahamiyati juda yuqori emasligini ko‘ramiz. Xususan, o‘zaro savdo aylanmalar hajmi AQSH bilan O‘zbekiston o‘rtasida unchalik baland emas, so‘ngi 9 oy ichida 213,2 million dollarga yetgan. Bunday ko‘rsatkich bilan AQSH O‘zbekistonning o‘zaro savdo sheriklari ro‘yhatida 17-o‘rinda turibdi. AQSH O‘zbekiston investitsiya kiritayotgan yoki qarz berayotgan davlatlar ro‘yhatida ham oldingi o‘rinlarda turmaydi. Bu ro‘yhatda asosan Xitoy, Koreya, Rossiya va Germaniya kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda. Aminmizki, O‘zbekiston o‘zining mustaqil va pragmatik siyosati orqali Oq uyning har qanday egasi bilan til topisha oladi.
Farruxjon Murodqulov
LiveBarchasi