Bayden va Si Szinpin oxirgi uchrashuvini o‘tkazdi
Olam
−
17 noyabr
7749AQSH Prezidenti Jo Bayden va XXR Raisi Si Szinpin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkilotining Perudagi sammitida uchrashib, ikki mamlakatning Baydenning to‘rt yillik prezidentligi davomidagi munosabatlarini sarhisob qildi. Bu haqda BBS xabar berdi.
Si Szinpin Pekin tez orada Bayden o‘rniga keladigan Donald Trampning ma’muriyati bilan ishlashga tayyorligini bildirgan.
Xitoy rahbari Donald Tramp yana AQSH prezidenti bo‘lganidan keyin Vashington bilan aloqalar “silliq tranzit” bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu haqda Si Szinpin amaldagi prezidentlik muddati tugashiga ikki oy qolgan Jo Bayden bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Ikki davlat rahbari Peruda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti sammiti maydonida uchrashdi. Bu ularning Bayden prezidentligi davridagi uchinchi va uzoq muddatli oxirgi o‘zaro uchrashuvi bo‘ldi. Suhbat taxminan ikki soat davom etgan.
Har ikki rahbar ushbu muloqotdan ikki davlatning turli sohalardagi munosabatlarini sarhisob qilish uchun foydalangan: yadroviy sohada sun’iy intellektning rolidan tortib, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash va Ukrainaga qarshi urushda Rossiya mudofaa sanoatiga yordam berishgacha.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, Xitoyning kelgusi to‘rt yildagi maqsadi Bayden davrida ko‘tarilish va pasayishlarni boshidan kechirgan, barqaror va sog‘lom Xitoy-AQSH munosabatlari bo‘lib qolmoqda. Bunga Bayden “shu vaqt ichida erishgan yutuqlarimizdan faxrlanaman” deb javob bergan.
“Agar ikki davlat bir-biriga sherik va do‘stdek munosabatda bo‘lib, umumiy til topishsa, munosabatlarimiz sezilarli darajada oldinga siljiydi. Ammo agar biz bir-birimizni raqib sifatida qabul qilsak, qattiq raqobatlashsak va bir-birimizga zarar yetkazishga harakat qilsak, munosabatlarga putur yetkazamiz yoki hatto uni orqaga qaytaramiz”, degan XXR Raisi.
Ikki liderning Perudagi uchrashuvi mavzularidan biri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi edi. Oq uyning rasmiy bayonotiga ko‘ra, Bayden Xitoy Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganidan xavotir bildirgan. Bunga javoban Xitoy rahbari Pekin Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini eslatgan.
Bayden prezidentligida Xitoy bilan munosabatlarda keskinlashuvlar kuzatildi, josus sharlar bilan bog‘liq hodisalar, amerikalik yuqori martabali mulozim, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi tashrifi ortidan Tayvan hududida Xitoy o‘z qudratini namoyish etishi hamda Amerika telekommunikatsiya kompaniyalari xitoylik hakerlar tomonidan buzib kirilishi va bu ularga hukumat mulozimlarining telefon so‘zlashuvlarini tinglashiga olib kelgani bilan bog‘liq yaqinda ro‘y bergan mojaro shular jumlasidandir.
Ammo Bayden ma’muriyati Pekin bilan raqobatni “mas’uliyat bilan boshqarish”ga intildi. Endi, Trampning ikkinchi muddati arafasida, tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Pekin yangi saylangan prezidentning harakatlarini oldindan bilib bo‘lmasligi tufayli tashvishga tushgani tayin.
LiveBarchasi