Tramp Eronga maksimal bosim o‘tkazadi – FT
Olam
−
16 noyabr
1810AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eronni yadroviy qurol ishlab chiqish va mintaqadagi harbiy guruhlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan daromaddan mahrum qilish maqsadida unga “maksimal bosim” rejasini qo‘llash niyatida. Bu haqda manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
“Donald Tramp Eronni imkon qadar tezroq bankrot qilish uchun maksimal bosim strategiyasini qaytadan boshlashga qaror qildi”, deydi Trampning hokimiyatga o‘tishi bilan tanish bo‘lgan milliy xavfsizlik bo‘yicha ekspert.
Manbalarga ko‘ra, Trampning o‘tish davri jamoasi Oq uydagi birinchi kunida Eronga neft eksportiga ta’sir ko‘rsatadigan yangi sanksiyalarni kuchaytirish va joriy etish bo‘yicha farmoyishlar chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu chora Tehronni AQSH bilan muzokaralarga va yangi yadroviy bitim tuzishga undash uchun qo‘llaniladi.
“Umid qilamizki, bu ularni munosabatlarni barqarorlashtiradigan va hatto bir kun kelib normallashtiradigan yaxshi niyatli muzokaralarga rozi qilish uchun rag‘bat bo‘ladi, ammo menimcha, Trampning shartlari eronliklar tayyor bo‘lganidan ancha qattiqroq bo‘ladi”, deydi ekspert.
Tramp kampaniyasi bu xabarlarga izoh bermadi.
“The Wall Street Journal” esa avvalroq Vashington va Tehron Donald Trampning ikkinchi muddati davomida, “o‘zaro adovat”ga qaramay, yakunda diplomatik kelishuvga erisha olishi haqida xabar bergan. Shu bilan birga, gazeta manbalari Tramp Eronga nisbatan sanksiyalar bosimini jiddiy ravishda kuchaytirib, neft yetkazib berish imkoniyatini to‘xtatib qo‘yishini istisno qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 14 noyabr kuni “The New York Times” gazetasi nomi oshkor etilmagan ikki Eron rasmiysiga tayangan holda Tesla va SpaceX asoschisi, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp hukumat samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi departamentga rahbar etib tayinlagan Ilon Mask 11 noyabr kuni Nyu-Yorkda Eron elchisi Amir Said Iravoniy bilan uchrashganini xabar qilgandi. Bildirilishicha, tomonlar Tehron va Vashington o‘rtasidagi taranglikni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilgan. Muzokaralar bir soatdan ko‘proq davom etgan va “yashirin joyda” bo‘lib o‘tgan. Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi Iravoniy va Maskning uchrashuvi haqidagi OAV xabarlarini “qat’iy” rad etdi.
LiveBarchasi