Eron o‘z elchisining Mask bilan uchrashganini “qat’iy” rad etdi
Olam
−
16 noyabr
1390Eron Tashqi ishlar vazirligi Islom Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy va amerikalik milliarder Ilon Maskning uchrashuvi haqidagi OAV xabarlarini “qat’iy” rad etdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘iy bugun, 16 noyabr, shanba kuni IRNA davlat axborot agentligiga bergan izohida bu kabi da’volarni yolg‘on deb atadi.
Bag‘iy “Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan taxmin qilingan uchrashuv haqidagi ma’lumotlarning keng tarqalishidan hayratda qolgan”ini bildirdi.
“The New York Times” gazetasining 14 noyabr kuni nomi oshkor etilmagan ikki Eron rasmiysiga tayangan holda xabar berishicha, Tesla va SpaceX asoschisi, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp hukumat samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi departamentga rahbar etib tayinlagan Ilon Mask 11 noyabr kuni Nyu-Yorkda Eron elchisi Amir Said Iravoniy bilan uchrashgan. Tomonlar Tehron va Vashington o‘rtasidagi taranglikni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilgan. Muzokaralar bir soatdan ko‘proq davom etgan va “yashirin joyda” bo‘lib o‘tgan.
Gazeta suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Mask bilan uchrashuv Tehronga amerikalik rasmiylar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga kirishmaslik uchun “vaqtinchalik yechim”dan foydalanishga imkon bergan.
Shu bilan birga, NYT manbalaridan biri suhbat chog‘ida Iravoniy milliarderga Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni va biznesining bir qismini Tehronga ko‘chirishni taklif qilganini aytdi.
Tramp saylovoldi tashviqoti bilan aloqalar bo‘yicha direktori Stiven Chung “bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lmagan shaxsiy uchrashuvlar haqidagi hisobotlarga” izoh berishdan bosh tortdi. Mask va Eronning BMTdagi vakolatxonasi ham muzokaralar haqida izoh bermadi.
LiveBarchasi