Bayden Yaponiya va Janubiy Koreya yetakchilari bilan uchrashdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yol va Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba bilan uchrashdi. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, Bayden Peru poytaxti Lima shahrida bo‘lib o‘tgan APEC sammiti doirasida Yaponiya va Janubiy Koreya yetakchilari bilan taxminan 40 daqiqalik suhbat o‘tkazdi.

2023 yil avgust oyida Kemp Devidda uchala yetakchi bilan Shimoliy Koreyaning harakatlarini muhokama qilish uchun o‘tkazilgan uchrashuvni eslatib, Bayden bu muzokaralar AQSHning osiyolik ittifoqdoshlarini birlashtirishga qaratilgan so‘nggi to‘rt yildagi eng muhim harakatlaridan biri ekanini aytdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Kemp-Devid uchrashuvidan keyin Janubi-Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi taraqqiyotga ko‘maklashishda davom etdi”, dedi Bayden uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan faxrlanib.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar muntazam ravishda yuqori darajada maslahatlashuvlar o‘tkazadi.

“Uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat xavfsizlik sohasida, balki har tomonlama va institutsional hamkorlikka aylandi. U ilg‘or texnologiyalarni, jumladan, sun’iy intellektni ham o‘z ichiga oladi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Uch yetakchining qo‘shma bayonoti

Oq uy tomonidan e’lon qilingan Qo‘shma Shtatlar, Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlarining qo‘shma bayonotida Hind-Tinch okeani mintaqasida umumiy majburiyatlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan “uch davlat kotibiyati” mexanizmini yaratish haqida so‘z boradi.

“Yaratilayotgan yangi mexanizm Hind-Tinch okeani mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha yanada uyg‘un harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi”, deyiladi hujjatda.

Bayonotda, shuningdek, Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun Rossiyaga qo‘shin jo‘natayotganiga keskin norozilik bildirilgan.

“Biz Shimoliy Koreya va Rossiya tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalari buzilishini qoralaymiz”, deyiladi hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Bayden Merilend shtatidagi qarorgohida Yaponiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Fumio Kisida va Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol bilan ikki tomonlama uchrashuv va uch tomonlama sammit o‘tkazgandi. Sammit bayonotiga ko‘ra, uch mamlakat inqirozlar vaqtida zudlik bilan o‘zaro maslahatlashish va umumiy manfaatlarga taalluqli mintaqaviy muammolar, provokatsiyalar va tahdidlarga javob choralarini muvofiqlashtirish majburiyatini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaponiya Jo Bayden Sigeru Isiba Yun Suk Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing