AQSHda Turkiyani NATOdan chiqarib yuborish taklif qilindi 

Olam

image

Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga qo‘shilishi borasidagi siyosati va pozitsiyasi tufayli NATOdan chiqarilishi kerak. Bu haqda Yaqin Sharq forumi prezidenti, sharq tarixchisi Daniel Payps (AQSH) ta’kidlagan.  

Mutaxassis Anqaraning harakatini “shantaj” deb atagan. Sharqshunosning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya ittifoqni kengaytirishga rozi bo‘lish evaziga o‘zi uchun afzalliklarni muhokama qilishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, ekspert Turkiyaning so‘nggi yigirma yillikdagi xalqaro siyosatining barcha sohalarini tanqid qilgan. 

“1952 yildan 2002 yilgacha Turkiya NATOning juda yaxshi ittifoqchisi bo‘lgan, ammo so‘nggi 20 yilda u juda yomon bo‘lib qoldi. Hatto ittifoqchi ham emas. Anqara Gretsiya kabi NATO a’zolariga dushman siyosatini yuritadi, u Suriyaga bostirib kirdi, Yevropaga suriyalik muhojirlar bilan tahdid qildi, Rossiyadan S-400 komplekslarini sotib oladi”, degan Payps. 

Uning fikricha, Anqaraning siyosati va NATOning kengayishi borasidagi pozitsiyasi tufayli Turkiya endi ittifoqning bir qismi emas. 

“Turkiyani NATOdan chiqarib tashlash vaqti keldi. U Rossiya, Xitoy va Eron tomonga ketaversin”, deya xulosa qilgan u.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Turkiya

Baholaganlar

120

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing