Turkiya hech qachon Suriya bilan tarixiy va madaniy bog‘liqligini yo‘qotmagan – Erdo‘g‘an
Olam
−
14 dekabr 2024
12123Turkiya oldinlari Usmonli viloyatlari bo‘lgan hozirgi Suriya hududlari bilan tarixiy va madaniy bog‘liqligini va yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda. Bu haqda kecha, 13 dekabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning Sakarya shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
"Turkiyaning shundoqqina yaqinida juda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Ammo bu jarayonlarni kuzatmayaptilar. Go‘yo dunyo qulasa, 3-Jahon urushi boshlansa, ishoning "Respublika Xalq" partiyasi va uning rahbariyatiga umuman qizig‘i bo‘lmaydi. Masalan, ushbu savolni hech o‘zlariga berib ko‘rmaydilar: Birinchi jahon urushi mintaqamizda chegaralarni qaytadan belgilayotganida shartlar boshqa holatda bo‘lsa edi, unda nima bo‘lardi? Katta ehtimol bilan biz aytayotgan Haleb, Idlib, Hama, Shom, Rakka shaharlari xuddi Gaziantep, Hatay, Urfa kabi bizning viloyatlarimiz bo‘lardi. U yerdagi yashayotgan insonlarimizdan “bu shaharlar chegaralarimizdan tashqarida qoldi” deb umuman aloqalarimizni uzish niyatimiz yo‘q edi. Aksincha, ayniqsa chegaramiz shaharlaridagi fuqarolarimiz bilan chegara tashqarida qolgan insonlar oxirgi 100 yil davomida gumanitar, tijoriy, qarindoshlik aloqalarini davom ettirdi", deydi Erdo‘g‘an.
U Turkiya shaharlari bilan chegara ortidagi shaharlar orasida uzluksiz avtobus va to‘xtovsiz qatnov uchun taksi mashinalar har doim qatnagani, Suriyada 2011 yilda boshlangan va 13 yildan oshiq davom etgan ichki nizolar bu qardoshlik aloqalarini yanada yuqori saviyaga olib chiqqanini qo‘shimcha qildi.
"Turkiya Suriyada nima qilyapti" deganlar, endi ko‘rdingizmi, nega borligimizni? Robbim na bizni, na millatimizni, na mazlum suriyaliklarni sharmanda qilmadi. 61 yillik zulmdan so‘ng Baas rejimi qulagach, Asad o‘z narsalarini yig‘ib, qochishga majbur bo‘ldi", dedi Prezident Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Suriyaning sobiq rahbari Bashar Asad rejimini fashizm deb atab, Turkiyada yashayotgan qochqinlar endi bemalol va qo‘rquvsiz uylariga qaytishi mumkinligini ta’kidlagandi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Suriyada kechayotgan vaziyatni kuzatib borayotgani, “siyosiy aql” bilan tahlil qilayotgani, kelajakda ham Suriya uchun qo‘lidan kelgan ishni amalga oshirishini bildirgandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar