AQSH va Rossiya Istanbuldagi muzokaralarni yakunladi

Olam

image

Bugun, 10 aprel kuni Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi muzokaralar Turkiyaning Istanbul shahrida qariyb 6 soat davom etdi va yakunlandi. Uchrashuvda ikki davlat elchixonalari faoliyatini normallashtirish masalalari muhokama qilingan. Muzokaralar yakunida tomonlar ommaviy axborot vositalari uchun bayonot bermagan. Bu haqda RBK xabar berdi.

Nashrning yozishicha, muzokaralar Rossiyaning Istanbuldagi Bosh konsulxonasida Moskva vaqti bilan taxminan soat 10:00 da boshlangan va tushlik uchun tanaffus qilingan. Rossiya delegatsiyasiga AQSHdagi elchi Aleksandr Darchiyev, AQSH delegatsiyasiga esa Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Sonata Koulter boshchilik qilgan.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni tartibga solish va normallashtirish masalalariga bag‘ishlangan. TASS manbasiga ko‘ra, suhbat konstruktiv ruhda o‘tgan.

Ilk bo‘lib Rossiya Bosh konsulxonasi hududini AQSH delegatsiyasini olib ketayotgan avtomobil tark etgan. Kutilishicha, muzokaralar natijalari keyinchalik har ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari orqali bayon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbul shahrida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini normallashtirish bo‘yicha Rossiya-AQSH maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi boshlangani xabar qilingandi.

Joriy yilning 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Rossiyadan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevdan iborat Rossiya delegatsiyasi AQSH vakillari bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuvda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi. Dmitriyev Saudiya Arabistonida ikki tomonlama muzokaralar boshlanishidan oldin Amerika neft kompaniyalari Rossiyaga qaytishi mumkinligi, Kreml ham AQSH bilan Arktikadagi qo‘shma loyihalardan manfaatdor ekanini aytgandi. Keyinchalik Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kirill Dmitriyevni xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi.

27 fevral kuni Istanbuldagi AQSH Bosh konsulligida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida 6 soatdan ortiq vaqt davomida yopiq formatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter, Rossiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev boshchilik qildi. Ikki davlat vakillari o‘z elchixonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Keyinchalik 6 mart  kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina va Yevropa davlatlarini hayratda qoldirgan yaqinlashuvga rahbarlik qilish uchun G‘arbni ommaviy qoralashi bilan tanilgan faxriy diplomat Aleksandr Darchiyevni AQSHga elchi etib tayinladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Istanbul Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing