AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushida kimdir yutadi, kimdir... O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Tahlil

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp aslida kim? Qurilish magnatimi? Epizodlar aktyorimi, yoki siyosat kishisi.  Tramp siyosatdan ko‘ra iqtisodiyotga, kino san’atiga yaqinroq. Kinofilmlarda kichik obrazlarni talqin etgan bo‘lsa-da, (“Uyda yolg‘iz-2”, “Ogohlantirib sevish”) AQSH Prezidentligiga saylangandan buyon faqat bosh rolni ijro etib kelmoqda. 

Sanksiyalarni sevadi, sevmaydi?

Prezidentlikka saylanganida xorij OAVlari uning g‘alabasida Rossiyaning “qo‘li” borligi haqida ko‘p va xo‘p yozdi. Donald Trampning Rossiyaga yog‘dirayotgan sanksiyalari esa bunga shubha o‘yg‘otmoqda. 

Ukrainadagi urushlar va Qrimning olinishi sabab 2014 yildan beri Rossiya g‘arbning sanksiyalari tufayli rivojlanish borasida sustlashgani sezilmoqda. Hatto, bu holat O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. 

O‘zbekistonga jo‘natmalar kamaydi (denejnыy perevodы), rubl ortidan, o‘zbek so‘mi ham “sho‘ng‘ish”ga ulgurdi. Ayniqsa, buning jabrini mehnat muhojirlari yanada chuqurroq his etishga ulgurdi.  

2013 yilda o‘zbek muhojirlarining Rossiyadan pul o‘tkazmalari rekord 6,63 mlrd dollariga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2014 yilda qariyb 1 mlrd dollarga kamaygani holda, 5,58 mlrdga pasaygan. 2015 yilda esa jo‘natmalar hajmi, 2014 yilga nisbatan ikki barobarga kamayib, 2,37 mlrdgacha tushib  ketgan. In’ikosini aytganda, 2014 yildan buyog‘iga o‘zbek muhojirlari uchun rus diyorida mo‘may daromad qilish mushkul bo‘lib qolmoqdaa.

2013, 2014 yillarni bir eslang. O‘sha yillari qish ostonasida uyiga qaytgan o‘zbek migrantlari Sergeli mashina bozorida haqiqiy anshlagni boshlab berar, bu bir oydan ko‘proq davom etardi. Eksportga chiqariladigan o‘zbek avtosining narxi xorijda 3, 4, 5 ming AQSH dollaridan nariga o‘tolmagan bo‘lsa-da, qora bozorda 10 ming dollarlik “egar”dan tushmagan. Avtosalonlarda esa “telpaksiz” mashinaning o‘zi yo‘q edi.  Boriga ham uzundan-uzun navbat, yillab kutishlar orqali ega chiqilardi. 

G‘arbning sanksiyalari sabab bir tomondan yutqazgan O‘zbekiston, boshqa tomondan yutayotgani ham bor gap. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi yildan-yilga oshib, yaqin kelajakda 10 mlrd dollarlik marrani zabt etishi ko‘zlanmoqda. 

Rossiya Prezidenti Vladimr Putin sanksiyaning asoratlarini yumshatish borasida savdo sheriklar bilan aloqalarni mustahkamlayotgani ham o‘zbek siyosatchi, iqtisodchilarining nazaridan chetda qolmasligi kerak. Rossiya G‘arb bilan aloqalarini yumshatishga erishsa, rus bozorida o‘zbek mahsulotining taqdiri ham tahlika ostida qolishi shubhasiz.  

AQSH Prezidentlari sanksiyalarga doimo muhabbat bilan qaragan. Rossiya esa, buni sevmaydi, sevmaydiyam-da.

“Uxlayotgan ajdarga” hujum

Chin yurtini ko‘pchilik iqtisodiy tahlilchilar uxlayotgan ajdarga o‘xshatishadi. Bunda ham hikmat bordek. AQSH o‘ziga asosiy raqobatchi sifatida Rossiyani ko‘rayotgan bir paytda sahnaga jiddiy o‘yinchi, Xitoy kirib keldi. 

“Taxt” uchun kurashga yana bir “valiahd”ning paydo bo‘lgani, AQSH hukumatining jig‘ibiyron bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Qozilikka doimo shay AQSH va uning Prezidenti Donald Tramp sanoatchilari va ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun Xitoy tovarlariga 10 foizdan 25 foizgacha boj to‘lovlarini kiritish haqida e’lon qildi. 

Unga ko‘ra, Xitoydan AQSHga kiritilayotgan mahsulotlarning ilk 200 milliardlik qismiga 25 foizlik boj solig‘i solinadi. 200 mlrddan oshganiga 10 foizlik boj solig‘i solinadi. 

AQSH hukumatining bunday qaroridan norozi bo‘lgan Xitoy davlat Kengashi raisi o‘rinbosari Lyu Xe 9 may kuni Vashingtonga borib, amerikalik hamkasblari — moliya vaziri Stiven Mnuchin va AQSHning savdo muzokaralari bo‘yicha vakili Robert Laytxayzer bilan muzokaralar olib borgan edi. Muzokaralarda na AQSH, na Xitoy yonberishni istamadi. 

Albatta, bukutilayotgan natija edi. Xitoy tomoni ham bunga qarab o‘tirgani yo‘q. Javob choralarini izladi. Oradan bir necha kun o‘tib, Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi AQSH tovarlariga nisbatan bojxona tariflarini oshirilgani haqida e’lon qildi.  

Ma’lum bo‘lishicha, AQSHning  2493  nomdagi mahsulotlari uchun 25 foiz, 1078 turdagi tovarlarga 20 foizlik ustamalar qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, 974 turdagi mahsulotlarga 10, to‘rtinchi guruhga kiruvchi 595 xil tovarga 5 foizlik ustamalar belgilandi.

Ikki yildan buyon davom etayotgan “mushuk-sichqon” o‘yinida yutgan yoki yutqazgan tomon ma’lum emas. Biroq, iqtisodiy tahlilchilar bu “o‘yinlar” soyasida davlatlar emas, aksincha kompaniyalar ko‘proq zarar ko‘rishi haqida bong urishdi. 

AQSHning bu “o‘yinlari” ortida Xitoyni jilovlashdek maqsad yotganligi iqtisodiy tahlilchilar tomonidan e’tirof etilyapti.

Xitoy va AQSH o‘rtasida savdo urushi 2018 yil 6 iyulda boshlangan edi. Bu haqda Jahon banki prezidenti Jim Yon Kim rivojlanayotgan mamlakatlarni kelajakda savdo bahslariga tayyor turishga chaqirib, “Savdo ziddiyatlari kuchayishidan oldin bu mamlakatlar tayyorgarligini ko‘rishi, ularga maslahat berishimiz kerak. Hozir har biri bilan shu mavzuda gaplashyapmiz”, degandi jahon banki rahbari.

Xo‘sh, O‘zbekiston savdo bahslariga tayyormi?  Javob izlab ko‘ramiz. 

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil yanvar-fevral oyida eksport hajmi 3,03 mlrd dollarga (o‘sish sur’ati 20,4 foiz) teng bo‘lgan. Eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa umumiy eksport hajmining 29,1 foizini tashkil qiladi.

AQSHni Xitoy uchun eng katta bozor hududi deb tasavvur qilsak. (har yili Xitoy AQSHga 400 milliard dolarlik mahsulotini eksport qiladi). Ushbu bozordan ayrilsa, yoki qisman tiyib qo‘yilsa nima yuz beradi. 

Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan ekanligini hisobga olsak. Mabodo, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi keskinlashaversa, O‘zbekistondan import qilinayotgan tovarlarga bo‘lgan talab keskin kamayib ketadi, yoki umuman to‘xtaydi. Davom etganda ham, O‘zbekistondan yuborilayotgan xom ashyo tovarlarini past narxlarda sotib olishni taklif etadi. Bu esa, O‘zbekistoning iqtisodiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi kunday ravshan. 

Har holda, bugun mahsulotini muayyan narxga sotib turgan tadbirkor, ertaga uni yarim narxiga sotishga rozi bo‘lmaydi. Bunda nafaqat, korxonalar egalari, mahalliy tadbirkorlar, ushbu mahsulotlarni yetkazib berayotgan oddiy aholi, ishchilar, ularning ortida turganlarning hammasi zarar ko‘rishi shubhasiz. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir etishi ehtimoli yuqori. 

Ayon bo‘lmoqdaki, O‘zbekiston o‘zi uchun yangidan yangi bozorlarni kashf etishi, savdo xaritasi ko‘lamini kengaytirib borishi talab etiladi. O‘zbekiston 2019 yilda eksport hajmini 18 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlayotgan bir paytda ko‘zga tashlanayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish ham lozim. 

Har holda, har qanday “risk”ka tayyor turish kelajak uchun foydaliroq bo‘ladi.  

AKBAR JIYANOV, 

Jurnalist


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

savdo urushi AQSh-Xitoy

Baholaganlar

91

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing