Bayden Si Szinpin bilan gaplashmoqchi
Olam
−
14 mart 2023
5310Kecha, 13 mart kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden tez orada Xitoy rahbari Si Szinpin bilan gaplashmoqchi ekanini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bayden AUKUS ittifoqi bo‘yicha Buyuk Britaniya va Avstraliya Bosh vazirlari bilan uchrashib, yadroviy suvosti floti kelishuvlariga erishgach, yaqin orada Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan gaplashishini ma’lum qildi.
Gap shundaki, garchi Bayden buni rad etgan bo‘lsada, mazkur kelishuv Xitoyga tajovuz sifatida ko‘rilishi mumkin. Shuning uchun ham AQSH rahbari tez orada Si Szinpin bilan gaplashmoqchi ekanini aytgan, biroq bu qachon sodir bo‘lishini ochiqlamagan.
Ta’kidlash joizki, AUKUS’ning Avstraliyani yadroviy suv osti kemalari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuvi Hind-Tinch okeanida Xitoyga qarshi kurashishga qaratilgan va Pekin buni yadroviy qurol tarqalishining noqonuniy harakati sifatida baholagan.
Ma’lumot uchun, AUKUS (Australia, the United Kingdom, the United States’dan olingan qisqartma) Avstraliya, Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan tuzilgan uch tomonlama mudofaa ittifoqidir. 2021 yil 15 sentyabrda uning tuzilgani e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Si Szinpin Rossiyaga borib, Putin bilan ko‘rishishi, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham onlayn muzokara o‘tkazishi aytilgandi. So‘nggi paytlarda Baydenning ittifoqchilari bilan uchrashuvlarida esa Xitoy tahdidi kun tartibiga chiqa boshlagan. Jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols bilan ko‘rishib, Fransiya Prezidenti Emanuel Makron bilan esa telefon orqali muloqot qilganda ham shu mavzu muhokama qilingandi.
Kecha, 13 mart kuni Kaliforniyaning San-Diyego shahrida AUKUS ittifoqi bo‘yicha Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze bilan o‘tkazilgan ikki taraflama uchrashuvlarda ham “Xitoy tahdidi” atroflicha ko‘rib chiqilgandi.
LiveBarchasi