AQSH Ukrainaga urush maydonidagi vaziyatni o‘zgartiradigan yangi qurollar bermoqchi
Olam
−
20 avgust 2022
7356AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga qo‘shimcha 775 million dollarlik qurol yetkazib berishini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 19 avgust kuni Pentagon matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi yordam paketiga HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlari uchun o‘q-dorilar, 105 mm.li 16 ta gaubitsa va ular uchun 36 ming snaryad, 15 ta ScanEagle razvedkachi dronlari, MaxxPro toifali MRAP minadan himoya qiluvchi 40 ta zirhli transport vositalari, minalar tozalash vositalari, 50 ta Humvee zirhli ko‘p maqsadli yo‘ltanlamas avtomobillari, TOW tankga qarshi tizimlari uchun 1,5 mingta optik boshqariladigan raketalar, mingta Javelin tankga qarshi raketa tizimlari kiradi.
Shuningdek, tankka qarshi tizimlar uchun 2 mingta snaryad, taktik xavfsiz aloqa tizimlari, qo‘poruvchilik qurollari, tungi ko‘rish moslamalari, termal tasvirlash tizimlari, optik va lazerli masofa o‘lchagichlar ham bor.
Pentagon Ukrainaga hozirgacha berilmagan yangicha qurollarni yetkazish ustida ham bosh qotira boshlagan.
“Biz Ukrainaga jang maydonidagi vaziyatni nafaqat sharqda, balki janubda ham muvaffaqiyatli o‘zgartirishga imkon beradigan yangi qurollarni berish imkoniyatlarini o‘rganyapmiz”, deyiladi Pentagon bayonotida.
Ammo qanday qurol haqida gap ketayotgani aniqlanmagan.
Shu tariqa, so‘nggi yordam paketi inobatga olinsa, 2021 yilning avgustidan beri AQSH Hukumati Ukrainaga umumiy qiymati 10,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 19 ta harbiy yordam paketini ajratgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi